SportUz.Net
photo photo

Rasmiy xabar. "Matchroom Boxing" kompaniyasi Ahmadalievning O'zbekistondagi jangi haqida anons qildi + POSTER

15.03.2021 23:20    


Rasmni yuklab olish

Ahmadaliev O'zbekistondagi boks oqshomida birlashgan chempionlik tojini himoya qilish uchun uyiga qaytmoqda.

O'zbekistonlik engilmas bokschi, ikkinchi engil vaznning WBA va IBF yo'nalishlari bo'yicha jahon chempioni Murodjon Ahmadaliev 3 aprel kuni Toshkentdagi “Humo arena” saroyida bo'lib o'tadigan boks kechasida yaponiyalik majburiy davogar Ryosuke Ivasaga qarshi o'z titullarini himoya qilish uchun vataniga qaytadi. Jangni DAZN platformasi orqali jonli tomosha qilish mumkin. Bu haqida "Matchroom Boxing" kompaniyasi rasmiy press-relizni elon qildi. Ushbu anonsning o'zbekcha talqinini etiboringizga havola qilamiz.

Ahmadaliev (8-6, KOs) 2020 yilning yanvar oyida Daniel Romanga qarshi jangdan so'ng birlashgan chempionlik kamarlariga sazovor bo'lgan ilk o'zbekistonlik chempionga aylangan edi. Mayamida 12 raund davom etgan oqshomda u afsonaviy Leon Spinksning rekordini takrorladi.  Murodjonning professional boksdagi ushbu g'alabasi boks hamjamiyati uchun syurpriz emas. 2016 Rio Olimpiadasidagi bronza, 2015 yil jahon chempionatidagi kumush, 2017 yil Osiyo chempionatidagi oltin medali o'zbek havaskor boksi oltin avlodi vakilining porlashi uchun xizmat qilgan. 

Ivasa (27-3, 17 KOs) Marlon Tapalesni 2019 yil Bruklinda o'tgan jangning 11-raundida mag'lub etib, ushbu vaznda IBF yo'nalishining vaqtinchalik kamariga ega chiqdi. 31 yoshli kashivalik bokschi ilgari, 2017 yil sentyabrda Oguni Yukinorini mag'lubiyatga uchratib, IBF kamariga sazovor bo'lgan. Ushbu chapaqay bokschi 2018 yilning mart oyida Ernesto Saulongaga qarshi bahsda chempionlik kamarini himoya qilgan va 5 oy o'tib, o'z yurtida irlandiyalik T.J. Doeniga qarshi bahsda imkoniyatni boy bergan edi. Bu Ivasaning faoliyatidagi uchinchi mag'lubiyat bo'lishiga qaramasdan 2019 yil ikki muhim jangda g'alaba qozondi va birlashgan chempionlik kamarining davogariga aylandi. 


G'iyosov va Madrimov 3 aprel kuni “Humo arena” yulduzi bo'lishadi

Kechaning navbatdagi jangida muxlislar yoqimtoyidan biri SHahram G'iyosov (10-0, 8 KOs) WBA International kamarini rossiyalik rossiyalik Isa CHanievdan himoya qiladi. Instagram tarmog'idan 1 milliondan ortiq kuzatuvchiga ega bo'lgan ‘Wonderboy’ Rio-2016 Olimpiya o'yinlaridagi kumush, jahon va Osiyo chempionatlaridagi oltin medallaridan so'ng o'z yurtida katta shuhratga erishdi. 2019 yil Eddi Xirn bilan reklama borasida kelishuvga erishgan ushbu bokschi o'zining so'nggi ikki jangini kolumbiyalik sobiq jahon chempioni Darlis Peres va Viston Okamposga qarshi o'tkazib, har ikkisini ham nokaut bilan yakunlashga muvaffaq bo'ldi. 

Yarim o'rta vaznning porlab kelayotgan yulduzlaridan biri Isroil Madrimov (6-0, 5 KOs) professional boksdagi startini ajoyib boshladi. 2018 noyabrda o'tgan ilk jangidayoq titul qo'lga kiritib, o'z so'zini aytishga ulgurdi. ‘The Dream’ 2019 yil avgust oyida Oklaxomaning Tulsa shahrida Erik Uolkerga qarshi kechgan eliminator jangida g'alaba qozondi va WBA kamarining majburiy davogariga aylandi. Bu esa sakkiz jangda chempionlik kamarini qo'lga kiritgan do'sti Ahmadalievning rekordini yangilash uchun qo'yilgan katta qadam bo'ldi. 

SHuningdek, ushbu oqshomda porlashi kutilayotgan yana bir qator bokschilar borki, ularni etibordan chetda qoldirib o'tolmaymiz. Super og'ir vazn toifasida engilmas Bahodir Jalolov (7-0, 6 KOs), 2021 yil hisobidan ikkinchi jangini o'tkazadigan o'rta vazn bokschisi Elnur Abduraimov (7-0, 6 KOs), engil vazn vakili Hasanboy Do'smatov (2-0, 2 KOs), birinchi og'ir vaznda jang qiladigan Sanjar Tursunov (2-0, 1 KO) navbatdagi jangini o'tkazsa, yarim o'rta vaznda Iqboljon Xoldorov hamda yarim engil vaznda Mirazizbek Mirzahalilovning debyutiga guvoh bo'lamiz.   

“Matchroom” kompaniyasining direktori Eddi Xirn bo'lajak oqshom haqida shunday deydi: “Bu o'zbek boksi va “Matchroom” uchun ulkan boks oqshomi bo'ladi. Uzoq yillardan beri o'zbekistonlik havaskor bokschilar jahon arenalarida o'z qudratlarini namoyish qilib kelishmoqda. Yaqin yildirki, ular professional boksda ham, xususan AQSH promouterlik kompaniyalarida o'z mavqelariga ega bo'lib ulgurishdi. Endi ular o'z mamlakatlarida tarixiy boks oqshomida jang qilish imkoniyatiga ega bo'lmoqdalar.

“Bu O'zbekistonda boks kelajagi uchun juda muhim voqeadir”, – deydi “Mir boksa” promouter kompaniyasining rahbari Andrey Ryabinskiy. “O'ylaymanki, bu o'zbek bokschilari uchun yilni muxlislari ko'z o'ngida ajoyib g'alabalar bilan boshlash va o'z mahoratlarini namoyish qilish uchun yaxshi imkoniyat. Bu yigitlar juda tez fursatda katta o'sishga erishmoqda va kelajakda boks yulduzlariga aylanishadi”. 

CHiptalar iTicket.UZ sayti orqali sotuvga chiqariladi.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Do`stlarga yuboring: