SportUz.Net
iks
ads

Bogdan Guskovda chempionlik uchun jangga bir qadam qoldimi? (tahlil)

03.12.2025 19:33    


Rasmni yuklab olish

Guskov top darajadagi nokautchi va u hamma ishni qila oladi.

7 dekabr kuni Las-Vegas (AQSH) shahrida yilning so'nggi raqamli turniri - UFC 323 bo'lib o'tadi. Bu musobaqadagi janglar muxlislarda katta qiziqish uyg'otgan. Turnir bir nechta divizion uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin. Bu erda gap faqat titul janglari haqida emas. Yarim og'ir vaznda top-5likka shiddat bilan kirib kelayotgan hamyurtimiz Bogdan Guskov sobiq chempion, polshalik Yan Blaxovichga qarshi oktagonga ko'tariladi.

Bogdan uchun ko'pchilik muxlislik qiladi. U O'zbekistondan tashqari, bir vaqtning o'zida Rossiya bayrog'ini ham ko'taradi. 33 yoshli sportchi atiga ikki yil ichida butun dunyodagi eng kuchli ligada hammaning hurmatini qozona oldi. Entoni Smitga o'xshatilgan "dabdabali" memdan – chempionlik poygasidagi haqiqiy davogarga aylanish… Bunday yo'l ko'pchilikka, albatta, qiziq bo'ladi.




Kelasi jang oldidan eng muhim voqealar

Bogdan bejiz ikki mamlakat nomidan jang qilmaydi. U O'zbekistonda tug'ilib, 19 yoshigacha shu erda yashagan. Yoshligidan turli sport turlarida o'zini sinab ko'rgan, ammo uni eng ko'p jalb etgan narsa — yakkakurashlar bo'lgan. Qahramonimiz boks va kikboksing bilan shug'ullanib, yaxshi bazani shakllantirgan. Mashg'ulotlarga ketadigan pulni, uni qo'llab-quvvatlagan xolasi berib turgan. U 19 yoshida Moskvaga ko'chib o'tishga qaror qildi va yanada rivojlanish uchun imkoniyatlarni ko'paytirdi. Lekin boshida moddiy jihatdan juda qiyin bo'lgan, shu sabab sportni ikkinchi o'ringa tushirishga to'g'ri kelgan. Dastlab montajchi, keyin esa tungi klubda qo'riqchi bo'lib ishladi. Lekin baribir jang sanati uni o'ziga tortib turardi.

Bogdan 22 yoshida sportga qaytdi, boks hamda kikboksing musobaqalarida ishtirok eta boshladi. U erda ham yaxshi yutuqlarga erishdi. Lekin eng muhimi — u o'zining kuchli zarba texnikasini boshqa yo'nalishlar bilan ham mustahkamlab bordi. Bu Guskovning universalligida yaqqol ko'rinadi: O'zbekistonda universal jang bo'yicha respublika chempioni bo'lgan, Rossiyada grepplingda kubok yutgan va vice-chempion bo'lgan, Moskvada K-1 bo'yicha kumush olgan. SHundan keyin aniq bo'ldiki, uning yo'li — MMA edi.

Orada, professional debyutiga aynan 10 yil to'lishi arafasida u Biksulton Saburjanovni nokautga uchratib, “Carevich” laqabini oldi. Buning manosi "podshohning o'g'li" yoki umumiy manoda "Moskva shahzodasi" deganidir. U “yo'lbars”, “bo'ri”, “ovchi” kabi oddiy laqablardan bezor bo'lib, slavyancha ruhdagi nomni xoxlaganini aytgan. Biroq uning sportdagi faoliyati boshdanoq mukammal ketmagan. UFCga kelishidan oldin ikki bor mag'lubiyatga uchragan: dastlab Arkadiy Lisinga (hakamlar qarori bilan), keyin esa Vyacheslav Vasilevskiyga nokaut bilan imkoniyatni boy bergan. SHunday bo'lsa hamki, 14—2 statistikasi bilan baribir eng kuchli liga etiboriga tushdi.



UFC ham biroz omadsiz boshlandi. Debyut Volkan Ozdemirga qarshi o'zi xohlamagan tarzda yakunlandi, u birinchi raunddayoq taslim bo'ldi. Ustiga-ustak, Guskovning ustidan kulganlar ko'paydi. Lekin Bogdan o'ziga xos xarakter egasi ekanini ko'rsatdi. Ortga qaytib, qattiq tayyorgarlikka kirishdi. Natija esa tezda ko'rindi: dastlab Zak Paugani birinchi raunddayoq yiqitdi va “kechaning eng yaxshi chiqishi” bonusini oldi. Keyin yana shunday usul bilan Rayan Spennni nokautga uchratdi. Undan keyin Billi Elekana "er tishlatildi". Bu janglardagi chiqishdan keyin har tomonlama Guskovga jiddiy etibor qaratila boshlandi.

Guskovning so'nggi qurboni – Nikita Krilov bo'ldi. Bogdan uni ham birinchi raundda finish qildi. Hozirda uning statistikasi juda dahshatli: 18 g'alabaning 15 tasi nokaut bilan. UFCda zarbalarining aniqligi — 51%. Bir daqiqada o'rtacha 3.40 zarba qabul qilishiga qaramay, u bosh, korpus va oyoqlarga bir xilda puxta ishlaydi: 43% — boshga, 43% — tanaga, 8% — oyoqqa. Va eng muhimi — unda yaxshi kurash bazasi bor. SHu bois u istalgan raqib bilan to'laqonli raqobat qila oladi.

U kuchli beshlikda faqat Magomed Ankalaev va Yan Blaxovichga qarshi kurashda biroz qiyinchilikka uchrashi mumkin. Qolganlar – Aleks Pereyra, Irji Proxazka, Karlos Ulberg, Xalil Rauntri – kurashga u qadar kirishmaydi, ular ko'proq "stoyka"da ishlashadi. Bu esa "Carevich" uchun ayni muddao. U titul imkoniyatiga juda yaqin. Avvalo bo'lajak raqibidan o'tishi kerak. Agar yana bir yorqin nokaut bo'lsa — unda chempionga rasman chaqiriq tashlash imkoni paydo bo'ladi.

Bogdan — kuzatishga, qo'llab-quvvatlashga arziydigan juda zo'r yigit. Bunday xarakteri bilan sportchi UFCda katta yutuqlarga erishishiga ishonish mumkin. Hozir u top-5ga kirish ostonasida turibdi. Qolgani esa uning o'ziga bog'liq.

Xo'sh, siz bu haqida qanday o'ylaysiz? Guskov rostan ham chempionlik uchun kurashga qo'shila oladimi? Fikrlaringizni izohlarda yozib qoldiring.


Xorijiy saytlar asosida Habib Jo'raboev tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Do`stlarga yuboring: