SportUz.Net
photo photo

Olimpiadaga tayyorgarlik, bokschilar bilan uchrashuv va tug'ilgan kun. O'zbekiston boks federaciyasi rahbariyati "Yangiobod"da terma jamoa vakillari bilan uchrashdi

17.02.2021 11:20    


Rasmni yuklab olish

Tokio Olimpiadasiga oz vaqt qolmoqda. Sport olamidagi eng nufuzli musobaqaga tayyorgarlik esa har qachongidan ham jiddiy davom etmoqda.

Tayyorgarlik jarayonini ko'zdan kechirish, bokschilarimiz bilan uchrashish uchun kecha, 16 fevral kuni O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi raisi o'rinbosari, O'zbekiston boks federaciyasi raisining birinchi o'rinbosari Saken Polatov boshchiligidagi ishchi guruh kecha Toshkent viloyatidagi "Yangiobod" o'quv bazasiga bordi. Ayni paytda ushbu maskanda boks bo'yicha terma jamoamiz vakillari qizg'in tayyorgarlik olib bormoqdalar. 



Federaciya rahbariyati avvaliga O'zbekiston ayollar terma jamoasi vakillari bilan muloqot qildi. Tashkiliy masalalar bo'yicha yuzaga kelayotgan kamchiliklar, muammolar o'rganildi. Sportchilar o'zlarini qiynayotgan muammolar bo'yicha federaciya rahbariyatiga murojaat qilishdi. 

SHundan so'ng Saken Polatov ayni paytda Olimpiya o'yinlariga tayyorgarlik ko'rayotgan bokschi yigitlarimiz va murabbiylarimiz bilan uchrashdi. 

"Oldimizda qanday masuliyat turganini barchangiz yaxshi tushunib turibsizlar deb o'ylayman. Mamlakat rahbari, boks muxlislari, umuman, o'zbek sporti ishqibozlari bizdan Tokioda yorqin ishtirokni kutishmoqda. Muhtaram yurtboshimiz tomonidan bizga katta ishonch bildirilmoqda. Tayyorgarlik uchun zarur bo'lgan barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Biz o'z navbatida, ushbu bildirilayotgan ishonchni oqlab, Olimpiadadan yorug' yuz bilan qaytishimiz kerak", - dedi Saken Polatov bokschilarimiz bilan suhbatda. 


SHundan so'ng, o'z tavallud ayyomini nishonlayotgan bokschimiz Isroil Madrimov ushbu sana bilan muborakbod etildi. Unga federaciya tomonidan esdalik sovg'asi taqdim etildi. 



Uchrashuv so'nggida terma jamoamiz vakillari esdalik uchun suratga tushishdi.

O'zbekiston boks federaciyasi matbuot xizmati




Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Do`stlarga yuboring: