SportUz.Net
photo photo

Navbahor Hamidova: "Maqsadim Osiyo o'yinlarida ham oltin medalni qo'lga kiritish"

30.03.2023 20:19    


Rasmni yuklab olish

Boks bo'yicha ayollar o'rtasida Jahon birinchiligining bronza medaliga ega chiqqan Navbahor Hamidova musobaqa taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

Boks bo'yicha ayollar o'rtasida Jahon chempionatida -66 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilib, bronza medalini qo'lga kiritgan Navbahor Hamidova turnirdan keyingi taassurotlar va fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

– Jahon chempionatidagi ishtirokingizdan ko'ngilingiz to'ldimi?

– Ochig'i, garchi musobaqada shohsupaga ko'tarilgan bo'lsam ham, natijamdan to'la qoniqmadim. Biz jamoamiz bilan bu musobaqaga katta tayyorgarlik ko'rgan edik va unda faqat oltin medalni niyat qilib qo'ygandim. Maqsadim faqat chempionlik bo'lgan. Ammo bu bronza medali kelgusi startlar oldidan o'zimga bo'lgan ishonchni mustahkamlaydi. Janglarda yo'l qo'ygan xatolarim ustida ishlab, yanada katta ishtiyoq bilan shug'ullanishda davom etaman.

– CHorak finaldagi mag'lubiyatdan keyin va final kuni tarqalgan xushxabardagi hislaringizni tasvirlab bera olasizmi? Har ikki holatda ichingizdan nimalar o'tdi?

– Hozir aytganimdek, maqsadim faqat g'alaba qozonish bo'lgani uchun chorak finaldagi mag'lubiyatdan keyin kayfiyatim juda tushib ketdi. Mag'lubiyat qattiq tasir qildi. Ammo qisqa fursat ichida o'zimni qo'lga oldim, yangi kuch topib, mashg'ulotlarni boshladim. Hali hammasi oldindaligi, bu mag'lubiyat bilan bari to'xtab qolmasligini angladim. Taslim bo'lishga haqqim yo'q edi. Final kuni Elshod aka Rasulov bronza medali bilan taqdirlanishim haqidagi xabarni aytganida boshida ishonmadim. Ustozim meni mag'lubiyatga uchratgan bokschi diskvalifikaciya qilingani, kechqurun taqdirlash marosimida ishtirok etishim kerakligini aytganlaridan keyin barchasi butunlay o'zgardi. Haqiqat baribir qaror topdi. Bu holatda katta hayajon bo'lmadi.

– Qolgan jamoadoshlaringizning ishtiroki haqida nima deya olasiz? Ularga nima etishmadi?

– Barcha qizlarimiz musobaqada munosib jang qilishdi va ular ham shohsupaga ko'tarilishga loyiq edilar. Kimgadir tajriba, kimgadir omad etishmadi. Barchamiz ringda g'alaba uchun borimizni berdik. Aytganimdek, nafaqat men, balki barchamiz xatolarimiz ustida ishlab, keyingi musobaqalarga tayyorlanishda davom etamiz. Jamoamiz hali yosh. Bir kun kelib, bokschi qizlarimiz ham yigitlarimiz kabi jahonda peshqadam bo'lishadi.

– Bu yil hisobidan keyingi asosiy start hisoblangan Xanchjou-2022 Osiyo o'yinlaridan nima kutyapsiz?

– Osiyo o'yinlari men uchun yangi musobaqa bo'ladi. Unda Parij-2024 Olimpiya o'yinlariga yo'llanmalar o'ynalish ehtimoli bor. SHu bois barcha sportchilar unga katta tayyorgarlik bilan kelishadi. Maqsadim so'nggi qita chempionatida erishgan g'alabamni takrorlab, Osiyo o'yinlarida ham oltin qo'lga kiritish.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Do`stlarga yuboring: