3-4 fevral kunlari O'zbekiston tennis terma jamoasi "Devis Kubogi"ning final bosqichi uchun saralash doirasida AQSH termasiga qarshi kortga chiqib, mag'lub bo'lgan edi.
Mazkur musobaqa doirasida 17 yoshli Amir Milushev termadagi debyutini nishonladi. Dunyoning 93-raqamli tennischisi Denis Kudlaga munosib qarshilik ko'rsatgan yosh raketkamiz ko'pchilik muxlislari va mutaxassislarining etiboriga tushib ulgurdi.
Milushev ayni damda yoshlar o'rtasidagi ITF dunyo reytingida 89-o'rinni egallab turibdi va u kuchli yuztalikdan o'rin olgan yagona o'zbek tennischisi. Amir bu yil yoshlar o'rtasidagi "Rolan Garros" musobaqasida ishtirok etishi kutilyapti. U o'tgan oyda Hindistonda o'tkazilgan J200 musobaqasi juftlik bahslarida g'alaba qozongan edi.
Jurnalist Diyorbek Mavlonov O'zbekiston tennisining yangi yulduzi bo'lishi kutilayotgan Amir Milushev bilan suhbat tashkil etdi.
— Amir avvalo 17 yoshingizda terma jamoada debyut qilganingiz bilan tabriklayman. Ko'pchilik kutmagan o'yinni namoyish etdingiz, umuman olganda o'zingizga imkon berilishini kutganmidingiz?
Assalomu alaykum, tabrik uchun rahmat. Albatta men o'zimning ilk o'yinimni birdaniga "Devis Kubogi"da o'tkazishimni kutmagan edim. Kortga chiqaman, deb o'ylamagan edim, lekin jamoamiz sardori Denis Istominga menga imkon bergani uchun raxmat aytmoqchiman. Jamoamga, yani Botir va Jalol Sapaevlarga, Andrey Sergeevichga, shuningdek Ulug'bek akaga, Petr Leonidevichga raxmat. Ularning barchasi "Devis Kubogi"dagi debyut o'yinimda ishtirok etishimga, yaxshi o'yin ko'rsatishimga o'z hissalarini qo'shishdi.
SHuningdek, menga ishonganlari uchun, safarlarga chiqishga yordam bergan va mashg'ulotlarimning barcha xarajatlarini qoplagan ota-onamga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ular menga ishonishdi va qo'llab-quvvatlashdi. Bizning katta va do'stona jamoamiz borligi uchun ham men shunday natijalar ko'rsatyapman.
— AQSH bilan o'yinlar haqida nima deya olasiz? Denis Kudla bilan o'yin orqali o'zingizga qanday tajribalar oldingiz? Har holda, u shu paytgacha o'ynagan eng qiyin raqibingiz bo'lsa kerak...
Amerika bilan bizning yigitlarimiz yaxshi o'yin ko'rsatishdi. Lekin, amerikaliklar biroz tajribaliroq edilar. Kerakli paytlarda ular muhim g'alabalarni qo'lga kiritishdi. Bizga biroz tajriba etishmadi, lekin bizning yigitlar juda yaxshi o'ynashdi. Ularga qaraganda bizda hammasi yaxshi bo'ldi. Lekin amerikaliklar ozgina tajribaliroq edi, ular kerakli lahzalarda yaxshi o'ynab, yutib ketishdi.
Denis Kudla bilan o'ynaganimda shuni tushundimki, uzatma, yani "podacha"ni yaxshilashim, to'pni to'r ustidan o'tkazish borasida ishlashim kerak ekan. Sababi Denis Kudlaning uzatmalarni qanday ijro etayotganini, to'pni to'rdan qanday o'tkazayotganini ko'rdim, bularning hammasi unda muvaffaqiyatli bo'ldi. Bu menga yoqdi va endilikda bularning ustida ishlayman. Ha, Denis Kudla shu paytgacha men o'ynagan eng qiyin raqib bo'ldi.
— Amir, o'zi umuman olganda, tennis bilan shug'ullanishni qachondan boshlagansiz? "Devis Kubogi"dan tashqari yana qanday musobaqalarda ishtirok etishga ulgurdingiz?
Men tennis bilan etti yoshimda shug'ullanishni boshlaganman. Ilk bor yunusobddagi tennis klubida Lola Qaxxorovna murabbiyligi ostida mashg'ulot o'tkazganman.
Ha men "Devis Kubogi"dan tashqari yana bir qancha yoshlar o'rtasidagi xalqaro musobaqalarda ishtirok etganman. Men yoshlar o'rtasidagi dunyo reytingida shu paytgacha 77-o'ringacha ko'tarilganman.
— SHu paytgacha tennis uchun qancha pul sarflangan siz tomoningizdan? Ko'pchilik yosh tennischilar pul sabab karerasini to'xtatishga majbur bo'lishadi. Kort, murabbiy, raketka va musobaqalarda ishtirok etish uchun yaxshigina mablag' sarflanadi sportchi va uning oilasi tomondan. Sizda bunday jarayon yuzaga kelmaganmi?
Ha, ko'pchilik tennischilar moliyaviy muammolar sababli tennisdan ketishadi. CHunki bu qimmat sport turi hisoblanadi. SHu paytgacha tennis uchun qancha mablag' sarflaganimizni bilmayman. Lekin hozirda "Uchqun" sport kompleksida shug'ullanaman. U erda men uchun kortlar bepul, buning uchun Ulug'bek Raxmatullaega raxmat. Federaciya ham bazida safarlarim uchun yordam beradi. Biz faqatgina murabbiylar uchun to'laymiz.
— Yoshlar o'rtasida ITF tasnifidagi dunyo reytingida top-100dan joy egallagan yagona o'zbek tennischisisiz (89-o'rin). O'zi umuman olganda tennisdagi oliy maqsadingiz nimadan iborat?
Tennisda yuqori natijalarga erishishni, katta musobaqalarda ishtirok etishni istayman. "Katta Dubulg'a" musobaqalarini yutish oliy maqsadim. Hozirda Tailand va Malayziyada bo'ladigan musobaqalarga tayyorgarlik ko'ryapmiz. Yoshlar o'rtasidagi "Katta Dubulg'a" musobaqasi bo'lmish "Rolan Garros"da ishtirok etish uchun ochko yig'moqchiman. O'sha musobaqalarda yaxshi natijalar qayd etish uchun hozir jamoamiz bilan shug'ullanyapmiz, "forma"ga kiryapmiz.
— O'zbekiston tennis terma jamoasi kelajagi sifatida qaysi tennischilarni etirof etgan bo'lar edingiz? Har holda, Istomin va Fayziev terma jamoadagi faoliyatini deyarli yakunlashdi. Hozirda terma jamoada raqobat o'zi qanday darajada?
Terma jamoada endilikda bizning yangi yulduzimiz bo'lmish Sergey Fomin bor. U hozir musobaqalarda o'zini yaxshi ko'rsatyapti. Terma jamoada ham yaxshi natijalar qayd etyapti. Terma jamoa uchun Sergey Fomin, Humoyun Sultonov, men va Maksim SHin o'rtasida raqobat bor.
— Jo'rabek Karimov haqida nima deya olasiz? U AQSHdan qaytganidan so'ng termaga qaytishi mumkinmi?
Ha, hozir Jo'rabek Karimov AQSHda o'qiyapti. U o'sha erda o'z universiteti uchun tennis o'ynayapti. Lekin men u bilan gaplashganimda, Amerikadan qaytganidan so'ng terma jamoaga qaytadimi yoki yo'q, bu haqda aytmagan.
— Agarda chet elda tennis bilan shug'allanish, mashg'ulot o'tkazish imkoni tug'ilsa, bundan foydalgan bo'larmidingiz? O'zbekistonda tennis bilan shug'ullanish uchun nimalar to'sqinlik qiladi, yoki qanday sharoitlar mavjud emas?
Albatta, agar imkoniyat yuzaga kelganida, Evropada shug'ullanishni istar edim. Sababi, u erda ko'p musobaqalarda ishtirok etish oson, shuningdek u erda Evropadagi boshqa musobaqalarda ishtirok etish ham qiyin bo'lmaydi, arzonroqqa tushadi. O'zbekistondagi tennischilar uchun bazida musobaqalarda qatnashishida yuzaga keladigan moliyaviy muammolar to'sqinlik qiladi.
— O'zbekistonda yil davomida sizning yoshingizdagi tennischilar uchun o'tkaziladigan musobaqalar etarlimi, bu sizni qoniqtiradimi?
Yuqori kategoriyadagi xalqaro musobaqalar O'zbekistonda kam. Bunday musobaqalar Qozog'istonda ko'p o'tkaziladi. O'zbekistonda asosan J5, J4 kabi tipdagi musobaqalar o'tkaziladi. Bunday musobaqalarning reyting tizimi mana bunday: J5 ni yutsangiz 30 ochko olasiz, J4 musobaqasida g'alaba qozonsangiz 60 ochko olasiz. Menda misol uchun minimal 36 ochko bor va men J5 musobaqasida o'ynab, g'alaba qozonsam, bu musobaqadan men hech narsa yutib ololmayman, aksincha - 6 ochko qoladi menda. Men ochko to'plashim uchun yirik musobaqalarda ishtirok etishim kerak, bunday musobaqalar esa bizda kam. Bizda ham J3, J2 tipidagi musobaqalar mavjud, ular bahorda o'tkaziladi. Bunday musobaqalar O'zbekistonda adashmasam to'rtta, Qozog'istonda esa ko'proq.
— Bu yil O'zbekistonda qanday xalqaro musobaqalar o'tkaziladi va ularning qaysilarida sizning ishtirokingiz guvohi bo'lamiz?
Hali kalendarni ko'rishga ulgurmadim. Lekin o'tgan yili O'zbekistonda J2 musobaqasi, J3 tipidagi ikkita musobaqa o'tkazildi. SHu tipdagi musobaqalarni yoqtiraman, katta ehtimol bilan shu musobaqalarda ishtirok etaman bu yil.
— O'zbekiston va dunyo tennisidagi kumirlaringiz kimlar?
Albatta, O'zbekistondagi asosiy kumirim hamma yosh tennischilarniki singari Denis Istomin. Uning natijalarini ko'rganmiz, u ATP 250 musobaqasida Novak Jokovichni mag'lub etganida ham yaxshi natija qayd etgan. Dunyo tennisida esa mening kumirim Novak Jokovich. O'ylashimcha, u eng yaxshi tennis ustasi. O'z yoshiga qaramay, bir qancha katta musobaqalarni yuta olgan.
— Istomin hali o'z karerasini davom ettiradimi? Eshitishimizcha, u Rimdagi musobaqa saralashiga yo'l olgan...
Ha, Denis Istomin faoliyatini davom ettiradi. U bu haqda har doim bizga aytib keladi. Ha, u musobaqaga ketyapti, ammo qaerga ekanligini hali aytmadi. Lekin u hali yana o'ynaydi.
— O'zbekistonga tennis kerak emas, bizda bu sport rivojlanmagan, deydigan odamlarga nima degan bo'lardingiz? Yurtimizda tennis rivojlanishi uchun nimalarga etibor berilishi kerak, sizning fikringizcha?
Men tennisni yosh bolalarning rivojlanishi uchun muhim deb hisoblayman. Tennis tez fikrlashni, tez qaror qabul qilishni rivojlantiradi. Uni faqatgina qo'l bilan emas, aql bilan ham o'ynaysiz, ammo u odamni o'sishiga yordam beradi. Misol uchun kortda faqatgina aql bilan o'ynaysiz. Aytishganidek, tennis bu shaxmat.
Bizning mamlakatimizda katta ehtimol bilan moddiy tomonlama etishmovchiliklar ko'p. Bundan tashqari, bizda murabbiylar kam. Yaxshi murabbiylarimiz bor, ammo juda kam.
— Amir qimmatli vaqtingizni ayamay suhbatga rozilik bildirgangingiz uchun tashakkur. Bo'lajak musobaqalarda g'alaba qozonib, "Rolan Garros"da ishtirok etishingizni tilab qolaman.
Sizga ham rahmat, qo'llab-quvvatlovingiz uchun. Bu musobaqani yutish uchun bor harakatimni ishga solaman.
Diyorbek Mavlonov suhbatlashdi