SportUz.Net
photo photo

La Ligadagi liderlik lazzati (mavsum yakunlari)

22.06.2022 19:00    


Rasmni yuklab olish

Mavsum yakuniga bag‘ishlangan navbatdagi hikoyamiz Ispaniya chempionatining bosh qahramonlariga bag‘ishlanadi.

Eng yaxshi to‘purar: Karim Benzema («Real Madrid») - 27ta gol;

«Gol+pas» tizimida eng yaxshi ko‘rsatkich: Karim Benzema («Real Madrid») - 39 ochko (27+12).

Fransiyalik snayperning asl qudrati joriy mavsum to‘la-to‘kis namoyon bo‘ldi. «Real»ning eng yaxshi futbolchisi? Gap bo‘lishi mumkin emas! La Liganing tengsiz o‘yinchisi? Undanda munosibroq nomzodni topishning umuman imkoni yo‘q!

To‘purarlik bobida Karimning eng yaqin ta’qibchisi - «Selta»dagi Yago Aspas. U o‘z jamoasiga 18ta gol tuhfa etdi. «Gol+pas» tizimida esa, Benzemaga o‘z jamoadoshi Vinisius Junior munosib raqobat namoyish etdi - 30 ochko (17}13).

21 yoshli braziliyalik iqtidor ham mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazib, yetakchilardan biriga aylandi. Yangi mavsumda Vinisius muxlislar Kilian Mbappe bilan o‘tkazilgan muzokaralardagi muvaffaqiyatsizlikni eslamasliklari uchun yanada sermazmun va sermahsul o‘yin ko‘rsatishga intilishi aniq.


Eng yaxshi assistent: Usmon Dembele («Barselona») - 13ta samarali uzatma.

Mavsum boshlanishi arafasida Usmon Dembele va «Barselona» o‘rtasidagi hamkorlik rishtalari tamoman uzilgandek tuyulgandi. Biroq Xavi qaysar hujumchining ko‘ngliga yo‘l topa oldi. Chaqnash juda yorqin, ammo o‘ta qisqa bo‘ldi: fevral oxiridan aprelning o‘rtasigacha. Usmon o‘z hisobiga atigi bitta gol yozdirib qo‘ydi, lekin 9ta assistni amalga oshirdi.

Benzema jamoadoshlari gollariga 12 marta hammuallif bo‘ldi. Alba («Barselona»), Parexo («Vilyarreal») va Munyain («Atletik») 10tadan samarali uzatmalarni amalga oshirdilar.


G‘alaba gollari mualliflari: Karim Benzema («Real Madrid») - 8ta gol. Aspas («Selta»), Xuanmi («Betis»), Depay («Barselona») va Vinisius («Real Madrid») - 6tadan.

Karimning La Liga natijalariga ta’siri o‘z-o‘zidan tushunarli bo‘lsa, Yago Aspas tom ma’noda «Selta»ni «sudradi». Jamoa gollarining 41,9 foizi (18ta) unga tegishli.

Eng muhim to‘purar: Enes Unal («Xetafe») - jamoasi gollarining 48,5 foizini amalga oshirdi.

Mavsumdagi 33 golning 16tasini o‘z nomiga rasmiylashtirgan turkiyalik mergan yakunda «Xetafe» xaloskori maqomiga ega bo‘ldi. Enes shuningdek, bitta assist muallifi hamdir.

Uning kasbdoshi Xoselu esa o‘zining 14ta aniq zarbasi bilan (45,2 foiz) «Alaves»ning elitada qolishini ta’minlay olmadi. 

Darvoqe, Benzemaning «Real» gollaridagi ulushi 33,8 foizga teng.


«Superjokerlar»: Lamela («Sevilya»), Falkao («Rayo Valyekano»), Korrea («Atletiko»), Mir («Sevilya») - zaxiradan maydonga tushib, 4tadan gol urishgan.


Mavsumning eng yaxshi «jokeri»: Erik Lamela.10 marta zaxiradan tushib, 4ta gol urdi. Dastlabki turlarda 3ta to‘p kiritgan Radamel Falkao ham mavsumni ajoyib tarzda boshladi. Lekin umumiy samaradorlik nuqtai nazaridan, 2021|2022 yillar mavsumining eng yaxshi «superjokeri» - Mateus Kunya («Atletiko»). U 21 marta zaxiradan maydonga tushib, o‘z hisobiga 3ta gol va 5ta assist yozdirdi.


Eng yaxshi darvozabon: Aleks Remiro («Real Sosyedad») - 35ta uchrashuvning 19tasida darvozasi daxlsizligini ta’minladi.

San-Sebastyan jamoasining YEL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga Aleks Remiro ulkan hissa qo‘shdi. U 2019 yilda «Atletik»dan erkin agent maqomida o‘tgandi. Yil sayin mahoratini oshirib kelayotgan posbon tez orada Ispaniya terma jamoasidan chorlov olsa, ajabmas. Tibo Kurtua ham chakki emas - 36ta o‘yinning 16tasi «quruq» (44,4 foiz).

Gruziyalik navqiron darvozabon Georgiy Mamardashvili ham alohida e’tirofga loyiq. U o‘z kasbdoshlariga nisbatan ancha kam uchrashuvlarda maydonga tushgan bo‘lsada, chempion Kurtua bilan bir xil ko‘rsatkichga erishdi - 18ta uchrashuvning 8tasida darvozasidan to‘p o‘tkazmadi.


«Temir o‘yinchilar»: Yan Oblak («Atletiko»), Ledesma («Kadis»), Dituro («Selta») - chempionatning hamma uchrashuvlarida maydonga tushdilar.

Hamma o‘yinlarda to‘liq to‘p surgan toplar guruhini an’anaga binoan darvozabonlar tashkil etishdi. «Xetafe» posboni David Soriyaning nufuzli guruhdan joy olishiga jarohat tufayli maydonni 5 daqiqa vaqtliroq tark etgani imkon bermadi.


Eng yosh futbolchi: Gavi («Barselona») - 17 yoshu 24 kunligida maydonga tushdi.

Gavi - mavsum kashfiyoti. 17 yoshli yigitcha 29 avgust oqshomidagi «Xetafe»ga qarshi o‘yinda (2:1) debyutini nishonladi. Vaholanki, o‘shanda u klubning rasmiy saytida o‘z profiliga ega emasdi. Yakunda Gavi chempionat doirasida 34 marta (2326 daqiqa) maydonga tushib, 2ta gol va 6ta samarali uzatma muallifi bo‘ldi. Shoshib qolgan «Barselona» kuzdayoq noyob iqtidor sohibi bilan yangi shartnomani rasmiylashtirib, tovon puli miqdorini 1 mlrd. yevroga ko‘tarib qo‘ydi!


Eng «keksa» o‘yinchi: Xoakin («Betis») - 40 yoshu 9 oy 29 kunligida maydonga tushdi.

Faoliyati davomida ko‘plab voqealarga guvoh bo‘lgan faxriy futbolchi 40dan o‘tganiga qaramasdan, 15 daqiqaga bo‘lsada «Santyago Bernabeu»da maydonga tushishga o‘zida kuch topa oldi. Aynan 20 may oqshomidagi «Real»ga qarshi bellashuvda megafaxriy o‘z nomini futbol tarixiga yozdirib qo‘ydi.

Shu o‘rinda yana ikki nafar faxriyni eslab o‘tmaslik adolatsizlik bo‘lardi. Darvozabon Diyego Lopes mavsumdagi 36 uchrashuvda «Espanyol» darvozasini qo‘riqladi. «Granada» bilan kechgan so‘nggi tur bellashuvida maydonga tushganida, u 40 yoshdan 6 oy va 19 kunga uzoqlashgandi. Qizig‘i shundaki, o‘sha o‘yinda yana bir faxriy - 40 yoshu 1 oylik Xorxe Molina ham maydonda edi. Afsuski, «qariya» «Granada»ning xaloskori bo‘lish imkoniyatidan foydalana olmadi , uning «nuqta»dan yo‘llagan to‘pi golga aylanganida, jamoa­si elitadan tushib ketmasdi.

S.RAHMONOV tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: