SportUz.Net
photo photo

Qaysi milliarderning puli ko‘proq?

19.05.2022 18:31    


Rasmni yuklab olish

Forbes USA dollarli milliarderlardan iborat navbatdagi - hisob bo‘yicha 36-global reytingini e’lon qildi.

Unda 1-o‘rin ilk marta 2-o‘rindan ko‘tarilgan Ilon Maskka nasib etdi. SpaceX va Tesla sohibi ikki yil avval 31-pog‘onani band etgandi.

Mazkur reyting 5 aprelda chop etildi. Unda 2668 nafar, o‘tgan yilga nisbatan 87 nafar ko‘proq shaxslar nomi e’lon qilingan. Milliarderlar mol-dunyosining yakuniy hisob-kitobi 11 martda o‘tkazildi. Albatta, bizni sport industriyasi vakillari qiziqtiradi. Quyida sayyoramizdagi yetakchi ligalar - MBA, MFL, MXL va eng ommaviy sport turi bo‘lgan futbol sohasi tahlil etilgan. 

Ta’kidlash joizki, ayrim biznesmenlar nomiga bir necha reytinglarda duch kelish mumkin. Shuningdek, reytingdan joy olmagan shayx Mansur, Nosir al Xelayfi, Andre Anyelli kabi nomlarni uchratmaysiz.

Futbol

Millionlar o‘yiniga sarmoya kiritgan eng badavlat milliarder - meksikalik Karlos Slim. Segunda vakili - «Real Ovyedo» sohibi 81,2 mlrd. dollar bilan dunyoning eng boy kishilari ro‘yxatida 13-o‘rinni band etgan. Keyingi pog‘ona «Renn» sohibi Fransua Pinoga (40,4 mlrd.) tegishli. Bir qator ligalarda o‘z klublariga («RB Leypsig», «RB Zalsburg») ega bo‘lgan «Red Bull» sohibi 27,4 mlrd. ko‘rsatkich bilan yetakchi uchlikni yakunlagan.

Hozircha «Chelsi»ni o‘zi istagan bahoda pullay olmagan Roman Abramovich, shuningdek, Silvio Berluskoni, Jan Szidun va Dmitriy Ribolovlev kabi taniqli shaxslar ham zikr etilgan.

Futbol olamidagi top-15 vakillari

Milliy chempionatlarida elitadan joy olmagan jamoa­larning mavjudligi reytingga bo‘lgan qiziqishni oshiradi. Bular «Real Ovyedo»dan tash­qari, Italiyaning «Komo», «Monsa» klublari va Chempionship peshqadami «Fulxem»dir.

Basketbol olamida «Los-Anjeles Klippers» sohibi Stiv Balmer (9-o‘rin) yetakchilik qilmoqda. «Maykrosoft» sobiq direktorining moliyaviy qudrati yanada kuchayib, 91,4 mlrd.ga yetgan. Futbol reytingidan joy olgan taniqli biznesmen Stenli Kroyenkega yana bir necha bor duch kelamiz. MBA klublarining sohiblari orasida u o‘zining «Denver Naggets»i bilan 4-o‘rinni band etdi.

MBA klublarining taniqli rahbarlaridan biri bo‘lgan «Dallas Maveriks» sohibi Mark Kyuban 4,7 mlrd.li (umumiy reytingda 601) ko‘rsatkich bilan ro‘yxatimizdan chetda qoldi.


Amerika futboli    9 (MFL)

Bu yo‘nalishda «Karolina Penters» klubi sohibi Devid Tepper (103-o‘rin) peshqadam. Uning asosiy daromad manbai Appaloosa Management jamg‘armasi. «Penters»ni u 2018 yilda klub asoschisi va sohibi bo‘lmish Jerri Richardsondan sotib olgandi. Buning uchun Tepper o‘zining «Pittsburg Stillers» klubini sotishga majbur bo‘lgandi.

Keyingi o‘rin eski tanishimiz Stenli Kroyenkega tegishli. Shimoliy Amerika ligasida u «Los-Anjeles Rems» klubini boshqaradi. Stenlidan tashqari, «Nyu-Inglend Revolyushn» klubi sohibi Robert Kraft (8,3 mlrd., 263-o‘rin) va Angliyaning «Fulxem»i egasi Shohid Xon (7,6 mlrd., 313-o‘rin) ham ro‘yxatdan joy olishgan.


Xokkey (MXL)

MXL klublarida eng badavlat sohib bilan 2-o‘rindagi funksioner boyligi o‘rtasidagi tafovut - naq 40 mlrd. dollar. 49,2 mlrd. egasi bo‘lmish Devid Tomson «Vinnipeg Jets» klubi hamda unga nomdosh korporasiyaning rahbari. Umumiy reytingda Tomson 26-pog‘onani band etgan.

Qiziqarli fakt: Stenli Kroyenke va Filipp Anshuts (10,9 mlrd., 180-o‘rin) 2ta ro‘yxatimizdan joy olishgan. Shuningdek, «Filadelfiya Chiksers» basketbol va «Nyu-Jersi Devils» xokkey klublari tasarrufini o‘z zimmasiga olgan Joshua Xarris (438-o‘rin) ham.

«Sietl Kraken» klubi sohibi Devid Bonderman 4,5 mlrd. bilan umumiy reytingda 637-o‘rinda bormoqda. Texas Pacific Group asoschisi o‘z sheriklari bilan klub badali uchun 650 mln. dollarni sarflab, Shimoliy Amerika xokkeyi rekordini o‘rnatdi.


Beysbol (MLB)

Klublar sohiblarining moliyaviy qudrati bo‘yicha MLB Shimoliy Amerika sport ligalari o‘rtasida so‘nggi o‘rinni band etib turibdi. Misol uchun, «Nyu-York Mets» klubi sohibi Stiv Koen 17,4 mlrd. dollarga ega. Uning umumiy reytingdagi mavqei 96-o‘rinda. Liga chempioni - «Atlanta Breyvs» klubining egasi Jon Meloun (7,6 mlrd., 321-o‘rin) keyingi pog‘onadan joy olgan.

Qiziqarli fakt: 3,6 mlrd.li ko‘rsatkich bilan umumiy reytingda 822-bo‘lib turgan «Liverpul» futbol klubi sohibi Jon Genri o‘zining «Boston Red Soks» beysbol klubi bilan ro‘yxatning yetakchi o‘nligida qayd etildi.


Yakuniy xulosa

Sport olamidagi eng badavlat funksionerlar umumiy reytingida 91,4 mlrd. bilan Stiv Balmer peshqadamlik qilmoqda. Yetakchi o‘nlikdan 4ta futbol («Red Bull»lar yagona jamoa sifatida olingan), 2tadan basketbol va beysbol klublari, bitta xokkey klubi va kriket bo‘yicha Hindiston Premyer-ligasi vakili «Mumbai Indians» klubi sohiblari joy olishdi. Qolaversa, hind klubi sohibi Mukesh Ambani 90,7 mlrd.li (umumiy reytingda 10-o‘rin) ko‘rsatkich bilan Stiv Balmerdan keyingi pog‘onada bormoqda. Shuningdek, Yaponiyaning «Fukuoka Softbank Xouks» beysbol klubi sohibi Masayesi Sonning (21,3 mlrd., 74-o‘rin) top-o‘nlikda ekanligi e’tiborga molik.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: