SportUz.Net
photo photo

Ramos «Real»dan ketmoqchi: kimga foydayu kimga zarar?

13.02.2021 15:30    


Rasmni yuklab olish

Serxio Ramos, shubhasiz, "Real Madrid" afsonasi. Shu kunlarda uni "qaymoqranglilar" safidan ketishi haqidagi mish-mishlar yuribdi. Bu qanchalik rost? Ramos madridliklar safidan ketsa ham, klub tarixidagi eng yaxshi futbolchi bo‘la oladimi? Agar, "el-kapitano" madridliklar safidagi eng yaxshisi bo‘lishni xohlasa, sevimli klubi bilan shartnomasini yangilashi zarur. Hozir biz sizlar bilan, Ramos "Real Madrid" jamoasidan ketmasa, qanday rekordlarni yangilashi mumkinligi haqida suhbatlashamiz. Aks holda Serxio bir qancha rekordlarni yangilamay qoladi.

Klub tarixidagi eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi

Serxio Ramos "qaymoqranglilar" bilan shartnomasini uzaytirilsa, "Real" tarkibida eng ko‘p maydonga tushgan futbolchiga aylanishi mumkin. Hozirda ispaniyalik futbolchi ushbu ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rinda turibdi. U madridliklar safida 668 marta maydonga tushgan. Faqatgina Raul (741), Iker Kasilyas (725) va Manuyel Sanches (710) kabi futbolchilar Ramosdan ko‘ra ko‘proq o‘yin o‘tkazgan. Agar, futbolchi klub tarixidagi eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi bo‘lishni xohlasa, yana bir yarim yil davomida Madridda qolishiga to‘g‘ri keladi.

Eng ko‘p mavsumlarni o‘tkazgan futbolchi

Shuningdek, Serxio Ramos "Real" safida eng ko‘p mavsum o‘ynagan futbolchi ham bo‘lishi mumkin. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha rekordchiga aylanishiga oz qolgan. Agar, Ramos yana uch yil Madridda qolsa, yaqqol peshqadamga aylanib oladi. Serxio 2005-yilda "Real" safida debyut qilgan. Ushbu mavsum uning madridliklar safida o‘tkazgan 16-mavsumi hisoblanadi. Pako Gento va Migel Anxel kabi futbolchilar 18 yil davomida Qirollik klubi safida to‘p tepgan va hozirda ro‘yxatni boshqarib turibdi.

Qo‘lga kiritilgan sovrinlar jamg‘armasi

Ramos mavsum oxirida Madridni tark etsa ham, ushbu rekordni yangilashi mumkin. Ammo, buning uchun “Qirollik klubi” La-Liga va Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lishi kerak. Hozirda Ramosning medallar javonida 22 ta oltin medal mavjud bo‘lib, sovrin jamg‘arish bo‘yicha Marselo bilan bir xil ko‘rsatgichga ega. Jamoa rekordchisi esa Pako Gento hisoblanadi. Uning hisobida 23 ta kubok majud. Hozirda madridliklarni La-Ligada ham, YECHLda ham g‘alaba qozonishi so‘roq ostida bo‘lib turibdi. Agar, jamoa mazkur ikki musobaqadan ham chiqib ketsa, Gentoning rekordini yangilash uchun Ramosga yana kamida bir yil kerak bo‘ladi. Hozirda Serxio hisobida to‘rtta YECHL, to‘rtta klublar o‘rtasidagi JCH, uchta Yevropa superkubogi, beshta La-Liga chempionligi, ikkita Qirol kubogi va to‘rtta Ispaniya super kubogi oltin medallari mavjud. Shuningdek, Serxio Ramos "Real" bilan Chempionlar Ligasida eng ko‘p chempion bo‘lgan futbolchi sifatida tarixda qolishi mumkin. U hozirda to‘rt marta mazkur musobaqada g‘alaba qozongan, ammo klub afsonasi Pako Gentoda esa ushbu chempionatning oltita oltin medali mavjud.

Jamoa sardori sifatida eng ko‘p mavsum o‘tkazish

Sardorlar orasida yetakchi klubning afsonaviy futbolchisi Pako Gento bo‘lib, u jamoani to‘qqiz mavsum davomida sardor sifatida boshqargan, Chendo sakkiz, Raulda esa yetti mavsum davomida sardorlik bog‘ichini taqib yurgan. Serxio Ramos olti mavsumdan buyon "Real Madrid" sardori hisoblanadi. Klub tarixidagi eng ko‘p sardor sifatida jamoani boshlab chiqqan futbolchi bo‘lish uchun yana uch yil "Santyago Bernabeu"da qolishi kerak.

"Real" safidagi La-Ligada eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi

Serxio Ramos hozirda madridliklar safida La-Liga tarixidagi eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan beshinchi futbolchi hisoblanadi. "El-kapitano" 43900 daqiqa davomida "Real" safida o‘ynagan. Hozirda Rauldan 99 daqiqa orqada qolayapti (43.998). Shuningdek, undan oldinda Kasilyas (45684), Fransisko Buyo (48717) va Andoni Subisarreta (55746) borishmoqda. U maydonga qaytgach, ikkita o‘yin o‘tkazsa, Raulni ortda qoldiradi. Ikerdan ko‘p o‘yin o‘tkazish uchun unga 19 ta o‘yin kerak bo‘lsa, Buyoni ortda qoldirish uchun esa 55 marta "qaymoqranglilar" libosida maydonga tushishi talab etiladi. Ispaniyaning avsonaviy darvozabonidan o‘tish uchun Ramosga 113 ta o‘yin kerak bo‘ladi.

Yangi "Santyago Bernabeu" sardori

Ayni paytda "Real Madrid" jamoasi uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan "Santyago Bernabeu" stadionida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Yangi stadionning qurilishi 2022-yil yozida tugashi ko‘zda tutilgan. Agar, Ramos yangi stadionga ham jamoani sardor sifatida boshlab tushishni xohlasa, jamoa bilan shartnomasini uzaytirish talab etiladi. Shuningdek, Serxio hozir jamoadan ketadigan bo‘lsa, unda u pandemiya tufayli muxlislar bilan maydonda xayrlashish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Oldin bunday holat Raul, Kasilyas va Guti bilan ham yuz bergan. Buni hech qaysi muxlis xohlamasa kerak, chunki Ramos madridliklar uchun juda ko‘p ishlarni bajargan, shu narsalarni hisobga olsak, u "Santyago Bernabeu"ni olqishlar bilan tark etishga haqli.

Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: