SportUz.Net
photo photo

Bektemir Meliqo'ziev - Saul Alvares, Ahmadaliev - Inoue va 2021 yilda biz ko'rishni istaydigan janglar

08.02.2021 11:35    


Rasmni yuklab olish

Mana 2021 yil ham kirib keldi.

Ortda qolgan 2020 yil pandemiya sabab sport, hususan boks olamida ko'plab voqeliklarni ortga surdi. Umid qilamizki, kirib kelgan yil o'zbek bokschilarining prof ringdagi yangi avlodi uchun ataladi. 

olamsport.com sayti 2021 yilda o'zbek bokschilari ishtirokida kutilayotgan eng yaxshi beshta jang ro'yxatini tuzib chiqdi. Umid qilamizki, ushbu ro'yxatimizdagi janglar joriy yilda amalga oshadi. 

5. Bektemir Meliqo'ziev - Sergey Kovalyov (Rossiya)

Ushbu jang o'tkazilishi rasman elon qilingan va nasib bo'lsa oy oxirida Moskvadagi boks shousida Bektemir sobiq jahon chempioni Sergey Kovalyovga qarshi ringga ko'tariladi. Ushbu jangdagi g'alaba orqali Bek reytingdagi o'rnini mustahkamlab oladi va jahon boksida yangi nom porlab chiqayotganini barchaga bildirib qo'yadi. 



4. Qudratillo Abduqahhorov - Errol Spens (AQSH)

Spens tomondan olib qaralganda, ushbu jang "soqqalik" ko'rinmasada, uning IBF yo'nalishidagi kamari uchun majburiy davogar bor va u o'zbekistonlik Qudratillo Abduqahhorov bo'ladi. Bokschimizda viza bilan bog'liq muammolar yuzaga kelgandi, ammo u ayni paytda AQSHga etib borgan va o'sha erning o'zida mashg'ulotlar o'tkazmoqda. Umid qilamizki, yaqin orada uning navbatdagi jang sanasi aniq bo'ladi va o'sha raqib Errol Spens bo'ladi. Ehtimoli juda past bo'lsada, harakat qilib ko'rsa bo'ladi. 



3. Murodjon Ahmadaliev - Naoya Inoue (Yaponiya)

Nafaqat biz, balki jahon miqyosidagi OAVlarda ham ushbu jang 2021 yilda amalga oshishi kutilayotgan to'qnashuvlar sifatida qayd etilmoqda. Ayni paytda WBA va IBF yo'nalishida -53,5 kg vazn toifasi chempioni hisoblangan yaponiyalik bokschi bitta divizion yuqoriga ko'tarilib, -55,3 kg vazndagi ushbu ikki yo'nalish chempioni Murodjon Ahmadalievga qarshi ringga ko'tarilishi ehtimoli bor. Yil o'rtasida, Toshkentda, "Humo Arena"da. Nima deysiz?



2. Hasanboy Do'smatov - Ken SHiro (Yaponiya)

Do'smatov yil 2020 yilning so'nggi haftasida Rossiyada jang o'tkazdi. Jangga bir kun qolganida kutilmaganda uning raqibi o'zgardi va Hasanboy boshqa bir hamyurtimiz Odil Sotqinovga qarshi jang o'tkazdi. Bunday janglar bilan albatta yaxshi reyting to'plab bo'lmaydi. Ammo, Do'smatovning Olimpiya o'yinlari chempioni, uning havaskor boksdagi nufuzi baland ekanligini hisobga olsak, "Mir Boksa" kompaniyasi Hasanboy uchun chempionlik jangini tashkil etib berishi ham mumkin. Har holda bokschimiz o'z intervyularida bu yil chempionlik jangini o'tkazish niyatida ekanligi haqida gapirgandi. SHu sababli yil davomida Hasanboyning WBC yo'nalishi chempioni Ken SHiroga qarshi jangini kutamiz. 


1. Bektemir Meliqo'ziev - Saul Alvares (Meksika)

To'g'ri, biroz balandparvoz ko'rinishi mumkin. Ammo, Bektemirning Kovalyov ustidan qozonadigan g'alabasi, Saul Alvares va "Golden Boy" o'rtasida yuzaga kelgan nizo, "Golden Boy" tomonidan Meliqo'zievga bildirilayotgan ishonch ushbu jang tashkil etilishiga turtki bo'lishi mumkin. Har holda, yaxshi niyat - yarim davlat!

P.S. Bu yil bizni Tokio Olimpiadasi kutib turibdi. Aynan shu sabab bir qator bokschilarimiz yil davomida asosiy etiborlarini havaskor boksga qaratishadi. Umid qilamizki, Yaponiya mezbonlik qiladigan Olimpiadagi muvaffaqiyatli ishtirokdan so'ng, O'zbekiston prof boksda yanada ko'proq nomlarga ega bo'ladi.

Aziz To'xtamurodov tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: