SportUz.Net
photo photo

Abdug'ofurov - Silyagin. Raqib avval ham o'zbek bokschisi bilan jang qilgan, Xijnyakni mag'lub etgan (Prevyu)

16.03.2021 20:34    


Rasmni yuklab olish

20 mart kuni Moskva shahrida professional boks oqshomi tashkil etiladi.

Kechaning markaziy jangida yarimog'ir vazn toifasi chempioni Artur Beterbiev germaniyalik Adam Deynesga qarshi ringga ko'tariladi. Bahs WBC va IBF kamarlari uchun tashkil etiladi. Ammo bizni ko'proq, ushbu jang oqomidagi boshqa jang qiziqtiradi - yani, ikkinchi o'rta vazn toifasida WBC Silver kamari sohibi Azizbek Abdug'ofurov o'z kamarini rossiyalik Pavel Silyagindan himoya qiladi.

Yodingizda bo'lsa, Abdug'ofurov 2018 yilning may oyida Toshkent shahrida o'tkazilgan professional boks oqshomida Dmitriy CHudinovni mag'lub etgan holda, WBC Silver kamarini qo'lga kiritgandi.

O'shandan keyin bokschimiz bir marta, 2018 yilning noyabrida Filippinda xitoylik Vujati Nuerlangdan himoya qilgan. O'shandan keyin bokschimiz CHelyabinskda Gasan Gasanovga qarshi jang qilib, raqibini muddatidan oldin mag'lub etgandi. Lekin 2019 yilnng avgust oyida tashkil etilgan bu jang himoya jangi maqomida bo'lmagandi. Ana endi uzoq tanaffusdan so'ng bokschimiz Moskva shahrida rossiyalik Pavel Silyagindan kamarini himoya qiladi. Bahs 12 raundga mo'ljallangan. Jang oqshomi Rossiyaning "Patriot Promotions" kompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda.


Raqib haqida 

27 yoshli Silyagin 2020 yilning fevralida prof boksda debyut qilgan va 1 yil ichida 6 ta jang o'tkazib ulgurgan. Hozircha u 6 ta jangning barchasida g'alaba qozongan. Janglarning 4 tasida u raqiblarini muddatidan oldin taslim etgan. 7-jangiga kelib, WBC Silver kamari uchun jang qilish huquqiga ega bo'lmoqda. 

Silyaginning havaskor boksdagi raqiblari ro'yxati bilan tanishar ekanmiz, ular orasida Madiyar Saidrahimovni ham ko'rishimiz mumkin. Butunjahon boks seriyasi (WSB) doirasida o'tkazilgan jangda u bokschimizni mag'lubiyatga uchratgan ekan. Bundan tashqari, Silyagin tomonidan mag'lub etilgan bokschilar ro'yxatida ukrainalik Oleksandr Xijnyak ham bor. Bokschilar 2015 yili WSB turnirida o'zaro jang o'tkazishgan ekan. SHuningdek, u 2015 yili Qatarda o'tkazilgan jahon chempionatining bronza medalini qo'lga kiritgan. 


Reytingdagi o'rinlar

Ayni paytda Abdug'ofurov vaznda 4-o'rinni egallab turibdi. Silyagin esa 37-pog'onani band etgan. Ushbu vazn toifasida chempionlik kamari meksikalik Saul Alvaresga tegishli. Agar Abdug'ofurov ushbu jangni o'z foydasiga hal qila olsa, bu uning reytingdagi o'rniga yaxshi tasir qiladi. 


Tahririyat fikri

Ushbu jang Rossiyada o'tkazilayotgani va raqib mezbon bokschi ekanligini hisobga oladigan bo'lsak, Abdug'ofurov ushbu jangni muddatidan oldin o'z foydasiga hal qilishi lozim. Muxlislar uning ijrosidagi janglarni sog'inib qolishgan. Umid qilamizki, bokschimiz ushbu bahsda g'alaba qozonadi va chempionlik jangiga yanada yaqinlashadi. 


Abdug'ofurov jang haqida

"Mashg'ulotlar yaxshi bo'ldi, asosan zarba kuchiga etibor qaratdim. Raqibning bo'yi uzun va texnikasi kuchli bo'lganligi bois ko'proq qorin qismiga beriladigan zarbalar ustida ishladik. Mazkur to'qnashuvda WBC Silver kamarimni himoya qilaman", - dedi bokschimiz www.olamsport.com sayti muxbiri bilan suhbatda.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: