SportUz.Net
photo photo

Natija: Bir turda 45 gol – bu APL rekordi!

27.02.2024 00:00    


Rasmni yuklab olish

APLning 23-turi juda samarador va quvnoq o‘tdi - 10ta o‘yinda 45ta gol!

Har bir uchrashuvga o‘rtacha hisobda 4,5ta gol! Bu turnir tarixidagi rekordning takrorlanishidir. Aniqrog‘i, 20ta jamoa ishtirok etgan mavsumlar doirasidagi biror turda bundan ko‘proq gol qayd etilmagan.

Rekord qanday takrorlandi?

3-4 fevral kunlariga qo‘yilgan barcha o‘yin­lar quvnoq natijalarni taqdim etdi. 5 fevral kuni (dushanba)ga belgilangan 23-turning so‘nggi uchrashuvida esa «Brentford» va «Manchester Siti» futbolchilari kamida 5ta gol urishsa, rekord yangilanardi. Amalda «shaharliklar» 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi, boshqacha aytganda, mutlaq natija uchun 1tagina gol yetishmadi. Lekin fakt shuki, mavsum-2023/2024ning 23-turi tarixga eng samaralilaridan biri sifatiga kirdi - 45ta gol. Eng «passiv» o‘yin Bornmutda kuzatildi: «Bornmut» - «Nottingem Forest - 1:1 (atigi 2ta gol). 23-tur mezoni bilan qarasak, «Old Trafford»da o‘tgan «MYU» - «Vest Xem» uchrashuvi ham kamtarona ko‘rinadi. Vaholanki, unda Erik ten Xag shogirdlari raqib darvozasini 3 marta nishonga olishdi. Eng asosiy jihat: tur o‘ta samarali boshlandi - 2ta 2:2 va «Nyukasl» - «Luton» to‘qnashuvida naq 8ta gol (4:4). Shuning barobarida 10ta uchrashuvda 3ta yirik hisobli g‘alaba va 4ta samarali durang qayd etildi.

20ta jamoadan 18tasida gol

23-turda atigi 2ta jamoa - «Sheffild Yunayted» va «Vest Xem» gol quvonchini tuymadi. 3 fevral kungi 5ta o‘yinga esa naq 26ta gol to‘g‘ri keldi. APLda 20 jamoa ishtirok etgan davr mobaynida biror kun bu qadar samarali yakunlangan emasdi. Aytgancha, avvalgi eng yuqori natija ham yaqindagina kuzatildi - dekabrning 3-sanasida 24ta gol. 

Bu rekordmi yoki yo‘q?

Chempionat tarixida allaqachon 1ta turda 45ta gol rasmiylashtirilgan, faqat bir nyuans bor. APL rasmiy saytining barcha vaqtlarga tegishli rekordlar sahifasiga qarasak, bunga qadar eng yuqori mahsuldorlik mavsum-2020/2021 2-turi va mavsum-2022/2023 34-turida qayd etilgani yozilgan - 44tadan gol. Aslida APL tarixida 45ta gol taqdim etgan tur ham yo‘q emas. Savol: rasmiy sayt nega buni tan olmagan? Ehtimolki, bunga o‘shanda tur o‘yinlari juda uzoq vaqtga cho‘zilgani sababdir... Har holda, 7ta o‘yin 26-27 dekabr kunlari o‘tkazilgan bo‘lsa, qolgan 3tasi 23 fevral, 10 mart va 6 aprelda bo‘lgandi. Qisqasi, ba’zi uchrashuvlar koronavirus epidemiyasi tufayli boshqa muddatga surilgandi. Darvoqe, o‘sha turda jami gollardan 9tasi yoxud 20 foizi «Manchester Siti» - «Lester» uchrashuvida kuzatilgan. Eslasangiz, Xosep Gvardiola jamoasi «tulkilar»ni 6:3 hisobida dog‘da qoldirgandi. Endi esa 45 gol odatiy ixcham tur, ya’ni atigi 3 kunda rasmiylashtirildi.

Tarixiy rekordchi? 

APL tarixidagi mutlaq natija esa mavsum-1992/1993ning so‘nggi turida qayd etilgan. Lekin o‘sha vaqt ligada 22ta jamoa bor edi va rekord 11ta o‘yin samarasidir. Gap 1993 yilning 8 may kuni bo‘lgan tur haqida ketmoqda. 11ta uchrashuvda 53ta gol - buni yangilash qiyin, albatta. O‘sha tur 1ta o‘yinga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha gol miqdori bo‘yicha ham oldinda. Chunki muxlislar har 1 uchrashuvda o‘rtacha hisobda 4,82tadan gol ko‘rishgan! E’tiborlisi, «Blekbern» - «Sheffild Uensdey» o‘yinida atigi 1ta gol (1:0) qayd etilgani ham rekord o‘rnatilishiga to‘sqinlik qilmagan. Boz ustiga, 4ta o‘yinda jamoalar 3tadan gol bilan kifoyalangan (3ta 2:1 va 1ta 3:0). Lekin boshqa o‘yinlarda samaradorlik yuqori nuqtaga ko‘tarilgan: «Sheffild Yunayted» - «Chelsi» - 4:2, «Midlsbro» - «Norvich» - 3:3, «Koventri» - «Lids» - 3:3, «Sautgempton» - «Oldxem» - 3:4, «Manchester Siti» - «Everton» - 2:5 va «Liverpul» - «Tottenxem» - 6:2. Diqqatga sazovor tomoni, «Enfild»da bo‘lgan eng sermahsul o‘yinda gollarning yarmi 78-daqiqadan keyin urilgan. 30 yildan ko‘proq vaqt oldingi mavsum yakunida «MYU» chempionlikka erishgandi. «Aston Villa», «Norvich», «Blekbern» va «KPR»ning kuchli beshlikka kirgani esa biroz ajablanarli tuyuladi. «Tottenxem», «Manchester Siti», «Arsenal» va «Chelsi» klublari aksincha, 8-11-o‘rinlarga joylashgan. «Sheffild Uensdey», «Koventri», «Ipsvich» va «Oldxem»ning APL chegarasidan uzoqlashganiga ancha bo‘lganini ham qo‘shimcha qilish joiz.

APL tarixidagi eng samarasiz turchi?

2001 yilning 24-25 noyabr kunlari 10ta o‘yinda atigi 10ta gol urilgan. Qolaversa, shundan 4tasi «Arsenal» va «MYU» o‘rtasidagi bahs (3:1)ga to‘g‘ri kelgan (jumladan, Tyerri Anri oxirgi daqiqalarda «dubl»ga erishgandi). 4ta o‘yinda hisob ochilmagan bo‘lsa, yana 4tasi taqdirini yagona gol hal qilgan, yana biri 1:1 natijasi bilan yakunlangan.

Sodiq RAHMON tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: