SportUz.Net
photo photo

JCH-2026 saralash. Uchinchi bosqich oldidan FIFA reytingida Osiyoda top-6da bo‘lishimiz kerak, sabab...

23.11.2023 09:31    


Rasmni yuklab olish

O‘zbekiston milliy terma jamoasi noyabr oyida o‘tkazgan Turkmaniston (3:1) va Eron (2:2)ga qarshi o‘yinlardan so‘ng FIFA reytingida 5 pog‘ona ko‘tarilib, 68-o‘ringa chiqib oldi. Hisobimizdagi ochkolar esa 1345,36 ballga yetdi. Ushbu natija bilan Osiyo qit’asida 9-pog‘onaga ko‘tarildik (Ummondan o‘tib ketdik).

O‘zbekiston terma jamoasi JCH-2026 saralashining 3-bosqichi oldidan FIFA reytingida Osiyo jamoalari orasida kuchli oltilikka kirsa yaxshi bo‘lardi.

Xabaringiz bor, keyingi bosqichda har birida 6 tadan jamoa bo‘lgan 3 ta guruh tashkil etiladi hamda har bir guruhda dastlabki ikkita o‘rinni egallagan termalar JCH-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

3-bosqich qur’asi paytida terma jamoalar 6 ta savatga ajratiladi (FIFA reytingi asosida). Har bir savatda 3 tadan jamoa bo‘ladi. Agar biz reytingda top-6ga kira olsak, guruhimizda Osiyoning kuchli jamoalaridan faqat bittasi bo‘lardi. Agar kuchli oltilikda bo‘lmasak, qit’amizning ikkita kuchli jamoasi bilan bir guruhdan o‘rin olishga to‘g‘ri keladi.

FIFA reytingi, noyabr oyi:
1. (17) Yaponiya — 1620,19
2. (21). Eron — 1565,08
3. (23). Janubiy Koreya — 1550.65
4. (25). Avstraliya — 1539.22
5. (56). Saudiya Arabistoni — 1421,06
6. (58). Qatar — 1407,30
7. (63). Iroq — 1365,98
8. (64). BAA — 1364,46
9. (68). O‘zbekiston — 1345,26

Ko‘rib turganingizdek, O‘zbekiston 6-o‘ringa ko‘tarilishi uchun Iroq, BAA va Qatarni quvib o‘tishi talab etiladi. Ayni paytda Qatarda 62 ball ortda qolyapmiz. Qatar mazkur saralash bosqichida Kuvayt, Hindiston va Afg‘oniston bilan bir guruhdan o‘rin olgan. Qatarliklar ko‘p ehtimol bilan bu raqiblarga qarshi qolgan 4ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozonadi. Mabodo, ba’zi uchrashuvlarda durang o‘ynasa ham, jamoa reyting ochkosini yo‘qotadi. Biz qolgan o‘yinlarda g‘alabaga erishsak, Qatardan o‘tib ketishimiz mumkin.

Iroq va BAA haqida ham shunday fikrni aytish mumkin. Iroqliklar jamoa Vyetnam, Filippin va Indoneziya bilan bir guruhdan o‘rin olgan bo‘lsa, Amirlik termasi Bahrayn, Yaman va Nepalga qarshi bahslarda ishtirok etmoqda.

Ha, FIFA reytingida top-6ga kirish oson bo‘lmaydi. Ammo, mabodo, 3-bosqich qur’asi paytida 3-savatda bo‘lsak ham, bizning guruhga 2-savatdan Qatarga tushsa, dastlabki kichik maqsadga erishamiz.

Olimxo‘ja BO‘RONOV.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: