Vakillarimizga Tojikistonning amaldagi chempioni "Istiqlol" raqiblik qiladi. Ushbu uchrashuvdan oldin ayni paytda Saudiya Arabistoni, Ar Riyod shahrida bo'lib turgan muxbirimiz AGMK jamoasi sardori Sanjar Tursunovdan kichik intervyu oldi.
- "Istiqlol" bilan o'yindan nimalar kutmoqdasiz?
- Qiyin o'yin bo'lishi kutilmoqda. Zero "Istiqlol" ham osonlikcha mag'lub bo'ladigan jamoa emas. O'tgan turda bunga hamma guvoh bo'ldi. Guruhdagi qiyin uchrashuvlardan biri, desam mubolag'a bo'lmaydi. Ular ham bizdan ochko olishga harakat qiladi. CHunki raqib biz kabi ilk bor OCHL guruh bosqichida ishtirok etmoqda. Men kutayotgan narsa shubhasiz jamoamning g'alabasi.
- Har uch kunda o'yin o'tkazish qanchalik og'ir?
- Har uch kunda uchrashuv o'tkazish nafaqat bizga, balki boshqa jamoalarga ham murakkablik tug'diradi. Ichki chempionatimizda har 7 yoki 5 kunda o'yinda qatnashishga o'rganib qolganmiz. Hozirgi vaqtdagi jamoalarning jismoniy holati va bahsdan keyin qay darajada tiklana olishi muhim ahamiyat kasb etadi. Raqiblarimiz ham biz kabi holatda. SHunday ekan bahona topmaymiz. Maydonga chiqish va g'alaba qozonish kerak, xolos.
- Ar Riyoddagi tashkilotchilik haqida fikrlaringiz qanday?
- Tashkilotchilik ko'ngildagidek. Arab mamlakatlarida o'yinga tayyorgarlik, tashkilotchilik yaxshi bo'lgan. SHunday sharoitlar O'zbekistonda bo'lishini ham istayman. Boisi bizda bunday tashkilotchilik yo'q desam ham bo'ladi.
- O'tgan turda "Al Hilol" darvozasini ishg'ol qilgan 36 yoshlik Zafar Polvonovning harakatlariga qanday baho bergan bo'lardingiz?
- Zafar 36 yoshda urgan golini 37, 38 yoshda ham urishini tilab qolaman. Unga omad yor bo'lsin. Umid qilamanki, bu uning oxirgi goli emas. Yosh men uchun hech qanday rol o'ynamaydi. Maydonga chiqqandan so'ng yoshga qaralmaydi. Men hech qachon yoshga emas o'yiniga qarayman.
AGMK muxlislaridan bizni qo'llab-quvvatlab duoda bo'lishlarini so'rab qolaman. Barcha murabbiylar shtabi, futbolchilar, klubdagi xodimlar bilan birgalikda ishqibozlarni xursand qilish uchun harakat qilamiz. Hozirda dunyodagi pandemiya vaziyat tufayli Saudiyada o'ynashimizga to'g'ri kelmoqda. Faqat yaxshi kunlarda emas yomon kunlarda ham olqishlashlarini so'rar edim. Futbolda har hil vaziyat bo'ladi. Hali hech qaysi jamoa faqat g'alabaga erishavermagan. Orada mag'lubiyatlar ham bo'lgan. SHuning uchun har qanday holatda biz bilan qalban bo'lsa ham birga bo'lishsin.