SportUz.Net
iks
ads

Otabek SHukurov: "10 kishi bo'lib qolgan Eronni yuta olmaganimizda rosa gapirishgan edi. Mana bugun 10 kishi bo'lib Eronni mag'lub qildik"

19.11.2025 14:54    


Rasmni yuklab olish

O'zbekiston hamda Eron terma jamoalari o'rtasidagi "Al Ain Cup-2025" musobaqasi finalidan so'ng Otabek SHukurov muhbirimizga intervyu berdi.

Otabek SHukurov: "10 kishi bo'lib qolgan Eronni yuta olmaganimizda rosa gapirishgan edi, bu futbol. Mana bugun 10 kishi bo'lib Eronni mag'lub qildik. Bu jamoani Eron ham, Osiyo ham ko'p eslaydigan bo'ladi. Mundialda yaxshi natijalar qayd etib, tarixni yangilashga harakat qilamiz".

- Jahon chempionatida qaysi top terma jamoa bilan bir guruhda bo'lishni xohlaysiz?

- Aniq bittasini ayta olmayman. Braziliya, Ispaniya, Portugaliya yoki Argentina... Bu biz uchun yaxshi imtihon bo'ladi. Mundialga chiqdikmi, shunday kuchli jamoalar bilan o'ynasak yangi tarix yozgan bo'lamiz.

- Fabio Kannavaro kelganidan keyingi o'zgarishlar haqida nima deya olasiz?

- Jismoniy holat haqida gapiradigan bo'lsak, buni milliy jamoaga kelib, o'zgartirib bo'lmaydi. 1 haftada ulgurmaysiz. Har bir futbolchi professional sifatida o'z holatini nazorat qilib borishi kerak. Fabio Kannavarodek murabbiy kelishi biz uchun katta yutuq. Hali o'rganib ulgurmadik, ammo yangi narsalarni kashf qilishda davom etyapmiz.

- Bosh murabbiy har bir futbolchi bilan ko'proq gaplashishga harakat qilyapman dedi. Siz milliy jamoa etakchisisiz, u siz orqali yigitlarga nimalarni etkazishga harakat qilyapti?

- Terma jamoa ustozi futbolchilar bilan muloqotda bo'lishi juda yaxshi. Kannavaroda ko'rgan jihatlarni Pirloda ("Fotih Karagyumryuk"da) ham ko'rgan edim. Buning barchasi jamoani kuchaytirish, natijalarni yaxshilash uchun qilinyapti.

- Siz ham U17 mundialda ishtirok etgansiz, bugun turnirni tark etgan ukalaringizga nima degan bo'lardingiz?

- Avtobusda ularning o'yinini ko'rib keldik. Afsuski demagan bo'lardim, chunki yigitlar hamma bilan munosib o'yin ko'rsatishdi. Jahon chempionati ham bitta oddiy turnir. Buyog'iga ular o'zini yo'qotib qo'ymasligi kerak, chunki o'tish yoshida turishibdi. Moskvada bu bolalar bilan ham uchrashgan edim. Hali hammasi oldinda, ularning kelajagi porloq. Kelajakda milliy jamoa va Evropaning top klublarida o'ynash nasib qilsin. Kim nima desa desin, ular haqiqiy qahramonlar.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: