
Xabaringiz bor, o‘zbekistonlik MMA jangchisi Shohasan Mirzamatov Qozog‘istonning "Oktagon" promoushenining yarim o‘rta vazn (77.1 kg) toifasida o‘z janglarini o‘tkazib kelmoqda. Navbatdagi jangini sentyabr oyida o‘tkazishi lozim edi. Biroq, raqiblar borasida ba’zi muammolar yuzaga kelmoqda.
Shuning uchun, hamyurtimiz "Oktagon" promousheni rahbariga murojaat bilan chiqdi. Ya’ni, u yarim o‘rta vazn chempioni Baurjan Kuanishbaev bilan jang tashkil qilib berish taklifi bilan chiqqan holda, qozog‘istonlik chempionni jangga chorladi. Bu haqida u o‘z Instagram sahifasida yozib qoldirdi.
"Assalomu alaykum MMA ixlosmandlari hamda Oktagon ligasi rahbari! Menga chempionni beringlar. Biz Baurjan bilan munosabatlarimizga oydinlik kiritib olish uchun jang tashkil qilishinglarni iltimos qilaman. Sentyabr oyida jangni uyushtiringlar va men aslida chempion kim ekanligini sizlarga ko‘rsataman. Chempionlik uchun o‘zimdan boshqa munosib da’vogarlarni ko‘rmayapman.
Baurjan avvalo g‘alaba bilan tabriklayman. Sen 5-6 oy oldin chempionlik kamarini qo‘lga kiritding va shu bilan to‘xtading. Men chempionlik kamari uchun boraman. Sen himoya qil yoki kamarni topshir. Aks holda divizionni tark et yoki men bilan haqiqiy chempionlik jangini o‘tkaz. Senga xech qanday adovatim yo‘q. Bu sport!",-dedi Mirzamatov.
Eslatib o‘tamiz, Baurjan Kuanishboev so‘ngi jangini 21 avgust kuni o‘tkazib, yana bir yurtdoshimiz Faxriddin Mardievni mag‘lubiyatga uchratgandi.