
18 avgust kuni Qozog‘istonning Almati shahrida MMA kechasi tashkil qilinadi. Qo‘shni davlatning eng mashhur promoushenlaridan biri “Alash Pride” navbatdagi Gran-Pri turnirini o‘tkazadi. Albatta, ushbu kechada o‘zbekistonlik jangchilar ham oktagonga ko‘tariladi.
Jumladan, “Ajdar” nomi bilan mashhur og‘ir vazn toifasidagi vakilimiz Azamat Nuftillaev (8-0) ham navbatdagi jangini o‘tkazadi. Unga qirg‘izistonlik Mederbek Nurmamat Uulu raqibliq qiladi.
Ma’lumki, “Alash Pride” promousheni mana shunday jang kechalarini qoyilmaqom tarzda o‘tkazish tajribasiga ega. Bunga 2013 yilda tashkil qilingan “Titanlar jangi” deya nomlangan turnir ham misol bo‘la oladi. Aynan o‘sha Gran-Prida marhum Murod Xonto‘raev, Azamat Bahodurzoda va Aleksandr Stolyarov kabi og‘ir vazn toifasidagi yulduzlarimiz ishtirok etib, ajoyib natijalar qayd etishgan edi.
Mazkur Gran-Pri ham xuddi “Titanlar jangi” turniri kabi ajoyib tarzda o‘tkaziladi va o‘z o‘rnida Nuftillaev chiroyli g‘alabasi bilan barcha yurtdoshlarimizni xursand qiladi, degan umiddamiz.
Olg‘a “O‘zbek ajdari”!
