
Bugun musobaqaning beshinchi kuni doirasida 4 nafar bokschimiz chorak final chiptasi uchun jang o'tkazadi. Ikki karra Olimpiada chempioni Hasanboy Do'smatov jahon chempionatidagi yurishini boshlaydi. -51 kg vazndagi tajribali charm qo'lqop ustamiz 1/8 finalda Evropa chempioni turkiyalik Samet Gyumyushga qarshi ringga chiqadi. Ushbu jang bizning vaqt bilan taxminan soat 22:00`da start oladi.
Yana bir qiziqarli jang -86 kg vazn toifasida o'tkaziladi. Unda o'zbek-qozoq boksi qarama-qarshiligiga guvoh bo'lamiz. Hamyurtimiz Akmaljon Isroilov qozog'istonlik Daulet Tulemissovga qarshi ringga ko'tariladi. Ushbu jang A ringida soat 20:15`da boshlanadi.
Eslatib o'tamiz, kechagi janglardan so'ng 7 nafar charm qo'lqop ustamiz 1/4 final masalasini ijobiy hal qilgandi. Bugungi kunduzgi dastur janglari bizning vaqt bilan soat 18:00, kechki blok esa 22:00`da start oladi.
Juftliklar bilan tanishing:
-54 kg: Asilbek Jalilov - Amadu Mohammed (Gana) A ring. 18:30
-86 kg: Akmaljon Isroilov - Daulet Tulemissov (Qozog'iston) A ring. 20:15
-51 kg: Hasanboy Do'smatov - Samet Gyumyush (Turkiya) A ring. 22:00
-57 kg: Xo'janazar Nortojiev - Sachin (Hindiston) B ring. 23:15
