Doping jarohatlardan oldin, balki keyin turuvchi sportchining eng katta dushmani hisoblanadi. Bu illat sabab yillar davomida orttirilgan obro', nufuzli musobaqalarda qo'lga kiritilgan medallardan qandaydir soniyalar ichida ayrilib qolish hech gap emas. Xuddi cho'ldagi sarob singari bir zumda yo'q bo'ladi qoladi.
Afsuski, yakuniga etib borayotgan iyul oyi O'zbekiston sporti uchun ana shu biz tilga olgan doping mashmashlari bilan yodda qoladigan bo'ldi. Eng yomoni, qayd etilgan uch holatdan ikkitasi Parij-2024 Olimpiadasi chempionlari bilan sodir bo'ldi. To'g'ri, bu ularning Olimpiya o'yinlarida qo'lga kiritgan oltin medallarining olib qo'yilishi bilan yakunlanmadi. Lekin chiroyli ish ham bo'lmadi-da.
O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi va Milliy Antidoping agentligi tomonidan shuncha targ'ibot-tashviqot, tushuntirish ishlari olib borilganiga qaramay, doping bilan bog'liq holatning qayd etilishi hech qanaqasiga oqlab bo'lmaydigan ish. Bu holatlarning oldini olsa bo'lardi. Extiyotsizlik, balki etiborsizlik sabab shunday bo'ldi. Bu - biz uchun ogohlik qo'ng'irog'i! Etagingni yig'ishtirib ol, degandek ogohlantirish bo'ldi.
Avvaliga taekvondochimiz Ulug'bek Rashitov o'z joylashuvi haqida malumot taqdim etish bo'yicha antidoping qoidalarini buzgani uchun ikki yil muddatga musobaqalardan chetlatildi. To'g'ri, ikki karra Olimpiada chempionimizning qon tarkibida taqiqlangan modda aniqlanmadi. Ammo antidoping qoidalarining buzilishiga sabab bo'lgan holatning o'zi ikki yillik diskvalifikaciyaga etarli ekanini ko'rdik.
Keyin dunyoning eng kuchli - UFC Ligasida o'z janglarini muvaffaqiyatli o'tkazib kelayotgan Ramazon Temirov dopingda "ushlandi". Rashitovdan farqli ravishda aralash yakkakurash ustamizning qon tarkibida taqiqlangan modda aniqlandi. Aniqrog'i, Ramazon infekciyaga qarshi dori istemol qilgan, uning tarkibida esa taqiqlangan modda bo'lgan.
"Tailandga kelgan paytimda menga har xil infekcion yaralar toshdi. Bu har bir sportchi ushbu davlatga kelgan paytida bo'ladigan holat ekan. Keyin dietologim menga dori yozib berdi, men esa uni ichdim. Uch-to'rt kundan keyin doping nazoratidan kelib, tahlillar olib ketishdi. Javob esa men uchun salbiy bo'ldi - men ichgan dori tarkibida doping nazoratida taqiqlangan modda bor ekan", deya vaziyatga izoh berdi Temirov.
Doping sabab Ramazon Temirovning 26 iyul kuniga belgilangan qozog'istonlik Asu Almabaevga qarshi jangi bekor qilindi. Agar ish shu bitta jangning bekor qilinishi bilan yakun topsa, bu biz uchun bayram bo'ladi. Odatda bunday holatlar uzoq muddatga chetlatishlar bilan tugaydi. Nafasimizni shamol uchirib, biz o'ylagan holat bo'lmasin. Aks holda, chempionlik sari dadil qadam tashlab kelayotgan Temirovning kamar yo'lidagi orzusi bir necha yilga surilib ketishi mumkin.
Hali Temirovning doping mojarosini hazm qilmay turib, uchinchi holat ham kuzatildi. Bu safar ham Parij-2024 Olimpiadasi chempioni, jahon chempionati sovrindori nishon markazida bo'ldi. Og'ir vaznli bokschimiz Lazizbek Mullojonov antidoping qoidalarini buzganlikda gumon qilindi. Xalqaro test agentligi bergan xabarga tayanadigan bo'lsak, shu yilning 11 iyun kuni musobaqadan tashqari o'tkazilgan doping nazorati chog'ida Mullojonovdan olingan namunada metasteron moddasi - anabolik-androgenik steroid aniqlangan. Unga vaqtinchalik musobaqalardan chetlatish jazosi qo'llanilgan. Bokschimiz bu qaror yuzasidan appelyaciya berish huquqiga ega.
Darvoqe, Lazizbek bir necha kundan so'ng Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida tashkil etilayotgan WBC Gran-prisining 1/4 finalida ringga chiqishi kerak edi. Endi uning raqibi jangsiz yarim finalga yo'l oladi. Hamyurtimiz ikkinchi bosqichda marokashlik Yuness Baalani 6 raundlik jang yakunida hakamlarning yakdil qarori (60-54, 60-54, 60-54) bilan mag'lub etgandi. Turnir setkasidan ko'rinib turibdi-ki, Mullojonovga mag'lub bo'lgan raqib 1/4 finalga yo'l olgan.
Xulosa qiladigan bo'lsak, doping mashmashasi yaxshi emas va bundan mutasaddilarimiz, murabbiylar, shifokorlar va sportchilarning o'zlari xulosa chiqarib olishi kerak. Yil boshida Xalqaro antidoping agentligidan taqiqlangan preparatlarning ro'yxati keladi. Antibiotik bo'ladimi yoki boshqa dori vositalari, shifokorlar sportchilarga uni berayotganda xushyor qaynashi lozim.
Doping bu - xalqaro maydondagi obro'imizga ham soya solib qo'yadi. Misqollab yig'ilgan yutuqlar arzimagan etiborsizlik sabab yo'qqa chiqmasin!
Dyu Plessi CHimaev bilan jangga ikki hafta qolganida qanday formada ekanligini ko'rsatdi (FOTO)