SportUz.Net
photo photo

Meksikaning UFC bo'yicha birinchi chempioni: betob qizi uchun jang qildi va hozirgi kunda LEGO o'ynashni yoqtiradi hamda sportga bo'lgan sevgisi bilan dunyoni zabt etdi

24.06.2021 14:00    


Rasmni yuklab olish

Meksikaning UFC bo'yicha birinchi chempioni Brendon Moreno haqida.

Brendon Moreno tarixi

Eng engil vazn toifasi UFCda eng mashhur hisoblanadi. Jahonda vaznini 56,7 kilogrammda saqlab tura oladigan erkak jangchilar kamchilikni tashkil qiladi, hattoki, Dana Uayt ham buni o'zgartirmoqchi bo'lgandi. Genre Cexudo ketganidan so'ng bu vazn toifasida yulduz qolmadi, yangi chempion Deyvis Figeredoga esa biroz mashhurlik etishmadi. 

Biroq UFC 263 kechasida meksikalik Brendon Monero barchasini o'zgartirdi: u nafaqat yangi chempion bo'ldi, balki dunyoda unga bo'lgan hurmat yanada ortdi. Endi Adesanya u bilan o'yichoqlar haqida gaplashayotgan bo'lsa, Geyji uni o'zining sevimli jangchisi deb atayapti va Brendon muxlislari esa hayratda.

Jangdan so'ng Morenoning Instagram sahifasidagi obunachilar soni 500 mingga etdi. Brendon kabi kichkina odamning katta tarixi borligi, uni yanada mashhur qildi. 

Moreno jinoyatlar avjiga chiqqan hududda, yani Meksikada tug'ilgan. Ota-onasi bilan pinyatalar (bolalar uchun mo'ljallangan o'yinchoqlar) yasash bilan shug'ullangan, ammo jang qilishni yaxshi ko'rgan. 

Brendon Meksikaning eng xavfli hududlaridan biri Tixuaneda tavallud topgan. U erdagilar narkotik modda sotish bilan shug'ullanadi, shuningdek  shahar 2019 yilda bir yil ichida sodir bo'lgan qotilliklar soni bo'yicha dunyoda birinchi o'rinni egallagan. Moreno hech qachon qiyinchiliklardan nolimagan: u o'zining vatanini sevadi va meksikalik ekanidan g'ururlanadi. 

Brendon oilasi bilan yashash davomida Tixuaneda bo'lgan dahshatlarni ham ko'rgan. Ota-onasi pinyati - meksikancha o'yinchoqlar (ko'zni bog'lagan holda uni tayoq bilan urib ertiladigan shaklli o'yinchoqlar)yasagan. Bu uning bolaligidagi eng yorqin xotiralarga aylangan.

Jangchi: “Men oddiy va baxtli bola bo'lganman. Ota-onamning biznesini yaxshi ko'rganman va o'zim ham bu o'yinchoqlarni ko'p o'ynaganman. Odatda, bolalar pinyatilarni bayramlarda ko'rgan bo'lsa, men ularning ichida ulg'ayganman”,-deya eslaydi. 

Moreno yoshligida sportchi bo'lmagan: juda ko'p video o'yinlar o'ynagan, ko'p fastfud istemol qilgani uchun semirib ketgan. Brendon kichikligida yurist bo'lishni orzu qilar, ammo 12 yoshida ozish maqsadida MMAga keladi. SHundan beri u sportga ko'ngil qo'ydi hamda hali biror-bir mashg'ulotni o'tkazib yubormagan. 

Brendon otasiga yordam bergan, uning kuni maktabga borish, oilasi bilan birga ishlash va mashg'ulotlarga qatnashish bilan o'tgan. Bo'lajak chempion qiyinchiliklardan hech qachon nolimagan, ota-onasining mehnatsevarligini qadrlagan. 

Brendon qanchalik ko'p sport bilan shug'ullangani sari, yurist bo'lish istagi kamaya boshlagan. Ota-onasi uzoq vaqt mobaynida uni jangchi bo'lishiga qarshilik qilishgan, oxir-oqibat oilaviy biznesni davom ettirsagina bunga rozi bo'lishlarini aytishadi. 

Brendonning onasi:

“U hech qachon ikkilanmadi, har doim sport bilan shug'ullanar va bu unga juda yoqardi. Kichikligidayoq o'zini oldiga maqsad qo'ydi. U har doim menga, har qanday joyda eng zo'r bo'lishi haqida aytar edi”,-deya xotirlaydi.

Moreno ikki marta UFC'da qatnashdi: 2018 yilda chetlatildi, qizini yo'qotishiga bir bahya qolgan, ammo qaytdi va chempion bo'ldi

Brendon qatiy tartibda yashagan: erta uyg'ongan, ikki soat mashq qilgan, keyin uyiga borib olti soat ishlagan. Tushlikdan keyin zalga borib yana ikki soat sport bilan shug'ullangan, kun oxirlaganda ishini ham tugatgan. 

Moreno yasagan o'yinchoqlari haqiqatan sifatli bo'lmagan. U uzoq vaqt bitta pinyati yasashga vaqt sarflar, ammo baribir o'yinchoq yaxshi chiqmagan. Otasi o'g'lini ko'p urishgan, biroq keyin bu ish unga to'g'ri kelmasligini tushunib etadi. 

Bo'lgan voqealarni jangchi: ”Men hech qachon yaxshi o'yinchoq yasay olmaganman, lekin bu mashg'ulot hayotimning qiziqarli xotiralaridan o'rin olgan”, - deya kulib eslaydi.

Morenoning ilk jangi Meksika hududida bo'lib o'tgan. Boshlanishi oson bo'lmagan: birinchi debyutidan bor yo'g'i 70 dollar ishlagan, 2012 yilda 3-3 rekordini qayd etgan. 

Brendon bu haqida: ”Natijaning yaxshi emasligi yoqimsiz edi. Keyingi qadamni bosish uchun menga nima kerakligini bilmas edim”,-deb xotirlaydi.

Moreno to'rt yil davomida jang qildi va pinyati yasadi, 2016 yilda esa The Ultimate Fighter (TUF) realiti-shouda qatnashdi. Brendonni meksikaliklar guruhiga olishdi va mavsum Lotin Amerikasida bo'lib o'tdi. Bu u uchun katta imkoniyat bo'lib, g'olib afsonaviy chempion Demetrius Jonsonga qarshi jang qilar edi. 

Moreno qafasda eng yomon jangchi bo'ldi va birinchi jangdayoq mag'lubiyatga uchradi. SHunday bo'lishiga qaramasdan u o'zini ko'rsata oldi hamda UFC bilan shartnoma imzolashga muvaffaq bo'ldi. 

Tashkilotda Brendon uchta g'alabani qo'lga kiritdi, biroq ikki marta engildi va chetlatildi. UFC jangchini osongina haydadi, degan gap-so'zlar quloqqa chalina boshladi. Bu Moreno uchun nafaqat professional faoliyatda, balki shaxsiy hayotida ham katta yo'qotish bo'ldi. 

Haydalganidan sakkiz oy o'tib, uning ikkinchi qizi dunyoga keldi. Pul shundog'am etmas edi, aksiga olib shifokorlar qizining jiddiy kasalligi haqidagi qo'rqinchli xabarni ham aytishdi. Ular qizning oshqozonida o'simta borligini va tez operaciya qilish kerakligini malum qilishdi, Brendon buni eshitib hayratda qoldi.

SHu vaziyatda uning ota-onasi yordamga keldi hamda o'yinchoqlarni sotib yiqqan pulini o'g'liga berishdi. Vrachlar tashxisni juma kuni qo'yishgan edi, dushanba kuni qizni operaciya qilib, deyarli sog'lom holga keltirishdi. 

Jangchining onasi: ”Nevaram otasiga o'xshagan kuchli jangchi. U juda harakatchan edi. Brendon hech qachon orqaga chekinmagan”,-deb aytgan. 

Bu tragediyadan so'ng, Moreno jang qilishni davom ettirdi, 2019 yil iyunda LFA tashkilotining chempioniga aylandi, hamda uch oy o'tib UFC bilan yana shartnoma tuzishga muvaffaq bo'ldi. Tashkilot bergan ikkinchi imkoniyatdan unumli foydalandi: 5 ta jangdan birontasida mag'lub bo'lmadi, UFC 263 kechasida esa chempion bo'lishga erishdi. 


Jangdan keyin Morenoni ko'plab mashhurlar tabrikladi, muxlislari ijtimoiy tarmoqlarni ”portlatishdi”, vatanida esa chempionning graffiti paydo bo'ldi. 

Meksikalik jangchilarni MMA da tez-tez uchratsa bo'ladi, lekin Brendon Meksika hududida tug'ilgan birinchi UFC chempioni bo'ldi va bu u uchun juda katta ahamiyatga ega:

“Bu men uchun juda qadrli. Tixuane va Meksika, umuman bizda kelajakda aralash jang sanati bo'yicha ko'plab maqsadlar bor. Mening vatanim uchun bu hozircha yangi sport turi. UFC'da birinchi meksikalik chempion bo'lganim ko'p narsani o'zgartirishi mumkinligini bilaman”. 

G'alabadan keyin Tixuaneda Brendonning rasmi tushurilgan graffit paydo bo'lib, u yurtining qahramoniga aylandi.

Jangdan oldin ham Moreno g'alaba qozonishiga ishonchi komil edi. Brendon har doim eng zo'r va qatiyatli ekanliga haqida gapirar va birinchi jangidan keyin Figeredo o'zgardi. Sterdaundda sobiq chempion Morenoni itarib yubordi, Brendon esa shunchaki kulib qo'ydi. 

Morenoning uchta qizi va chiroyli rafiqasi bor, lekin unda hali ham bolalik saqlanib qolgan: jangchi LEGO, multfilm va o'yinchoqlarni juda yoqtiradi. Brendon Funky POP qismlaridan kollekciya yig'ib, o'rta vazn toifasi chempioni Adesanyaning olqishiga sazovar bo'ldi va shu orqali u bilan do'stlashdi.

CHempionlik jangidan keyin Moreno yig'lab yubordi:

“Bu juda yoqimli holat. Bu qanaqa ahmoqona hayot? Buni uddalashim haqida gapirganimda, hech kim ishonmagan edi. Tashkilotdan meni haydashdi, qiyin ahvolda edim. Hozir mana shu og'ir kamarni ko'tarib turibman, bu juda ajoyib.

Qattiq shug'ullandim, sportga bo'lgan sevgim sabab shu ergacha keldim. Menga qarang, men Meksikaning kambag'al hududidanman. Bor-yo'g'i olti oy vaqtim bor bo'lib, buning hammasini mashg'ulotlarga sarfladim. Bu aqlbovar qilmas darajadagi sport lageri edi. Eng zo'r bo'lish uchun har bir kunimni shu holda o'tkazdim”.

Morenoning ijtimoiy tarmoqlari “portladi”, jangchining samimiyligi dunyoni hayratlantirdi. Bir necha kun ichida uning Instagram sahifasidagi kuzatuvchilar soni 500 mingga etdi. Jastin Geyji Morenoni o'zining yoqtirgan jangchisi ekanligi haqida gapirdi:

Israel Adesanya o'zining Kamari bilan Morenoning kamarini urishtirib qo'ydi:

Francis Ngannu esa birga rasmga tushishni taklif qildi:

Morenoni tabriklash uchun hattoki, nafaqada bo'lgan divizionning sobiq chempioni Genri Cexudo ham tashrif buyurdi. U Moreno bilan bir necha yil shug'ullanganini va uning natijalaridan xursandligini aytgan:

“O'tmishda biz sparring-sherik bo'lganimizni eslash juda yoqimli. Bu yigit boshqacha ekanligini bilar edim va hozir uning belida kamar turganligidan hayratlanmayman. Brendonni meksikalik birinchi UFC chempioni bo'lgani bilan tabriklayman”. 

Moreno yoshligida mashg'ulot o'tkazgan Tixuanedagi sportzalda ham xursandchilik davom etar, odamlar sakrab bir-birini bag'riga bosgan holda UFC'ning Meksikadagi birinchi kamarini nishonlashdi.

Ko'pchilik Morenoni UFC'ning bo'lajak yulduzi deb atashyapti va bu - haqiqat. CHempionning samimiyligi va mexribonligi muxlislar yuragini zabt etdi. Moreno o'zini UFC'ning muhabbat elchisi deb ataydi: u har doim tabassum qiladi va hayotdan bahra olib yashaydi.

Brendon dunyoni sportga bo'lgan sevgisi bilan zabt etgan birinchi jangchi bo'ldi. Bu juda yoqimli.

Sports.ru sayti asosida Ozoda Qayumova tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Do`stlarga yuboring: