SportUz.Net
photo photo

"Nafaqat sportchilar, balki barcha o'rnak olsa arziydi". Ginnes rekordiga kirgan va MMA'da debyut qilgan jangchi haqida hikoya

23.12.2022 10:34    


Rasmni yuklab olish

Zayon Klark 1997 yil AQSHda uni ko'plab muammolarga duchor qilgan og'ir kasallik bilan tug'ilgan.

Unga kaudaln regressiya sindromi tashxisi qo'yilgan. Bu irsiy kasallik bo'lib, oyoqlar rivojlanishni to'xtatadi. Bolakayning bunday tug'ilishiga uni dunyoga keltirgan giyohvand onasi sababchi bo'lgan.

Ona homiladorlik paytida noqonuniy moddalarni istemol qilgan va o'g'li tug'ilganidan keyingina bu yomon illatdan voz kechgan. SHunday qilib, Klarkning qiyin hayoti boshlangan. Deyarli balog'at yoshigacha u turli uylarni aylanib chiqadi va to'qqizta oila unga rad javobiini beradi. Oilalardan haydalgan payti aybsiz bolakay ko'chada tunab qolgan. Ammo boshpanasiz bolakayni o'zi tengi ko'cha bezorilar masxara qilishib, kaltaklashardi.

Yaxshi kunlarning birida 17 yoshli Zayon Klarkni Kimberli ismli ayol asrab oladi. Bolakay endi boshpanasiz emas edi.

"Mening hayot yo'lim qiyin edi. Juda qorong'i yo'llardan yurdim. Hayotimning 17 yili, to'qqizta turli oilani ko'rdim", - deb eslaydi Klark.

Tengdoshlari uni haqorat qilganda, Zayon sport bilan shug'ullanish haqida o'ylagan. U kuchli bo'lishni va o'zini himoya qilishni istagan va jang sanatiga qiziqib, erkin kurashga bilan shug'ullana boshlagan (ko'plab amerikaliklar maktabda va kollejda shu sport turi bilan shug'ullanadi).

Avvaliga Zayon juda qiynaladi, chunki raqiblar nogiron bilan qanday munosabatda bo'lish kerakligini bilmas edi.

"Ikkinchi sinfdayoq kurashga bora boshlaganman. Dastlab bir necha sparringda men nima qilishni bilmasdim. Raqibim ham nima bo'layotganini umuman tushunmagan", - deydi Klark.

Jang sanatlarga bog'lanib qolgan Klark nogiron bo'lsa ham sog'lom raqiblarini mag'lub eta boshlaydi. Vaqti kelib u Ginnes rekordlari kitobiga ham kirdi.

17 yoshga to'lganida Klark katta ishtiyoq bilan shug'ullana boshladi va murabbiyi Gil Donaxyu unga xuddi otadek munosabatda bo'ldi.

"U meni murabbiylikka butunlay yangicha nuqtai nazardan qarashga majbur qilgan. Oyog'i yo'q bolani qanday shug'ullantirish kerak? Biz Zayon bilan uning faoliyati davomida ko'plab tajribalar o'tkazdik. Qaysi usullar unga muvaffaqiyat keltirganini, qaysilarini nogironligi tufayli qo'llay olmasligini aniqladik. Uning kurashish usuli shu yo'l bilan shakllangan", - deya intervyu bergan Klarkning murabbiyi.

Klark birinchi urinishda qiyin bo'lganini inkor etmaydi. Axir, kurash tana muvozanatini talab qiladi, yigit esa faqat qo'llarini ishlata olgan.

"Kurash paytida bir qo'lim bilan raqibni ushlab, ikkinchi qo'limni esa xuddi oyoqlarimdek ishlatishim kerak. O'zimga hech qanday kafolat bera olmayman, chunki sog'lom tug'ilish baxtiga muyassar bo'lgan oddiy sportchilar o'rtasida musobaqada qatnashaman. Bu haqiqiy jang", - deydi Klark.

Tengdoshlari bilan raqobat qilish uchun Zayon suzish bilan shug'ullana boshladi. Reja oddiy edi: qo'llarni kuchaytirish va hujum qilish uchun tananing yuqori qismini iloji boricha mustahkamlash. Murabbiy keyinchalik Klarkdan kuchliroq sportchini ko'rmaganini tan olgan.

Biroq, Klarkka biroz vaqt kerak bo'ldi. Bir necha yil davomida u hatto bitta jangda ham g'alaba qozona olmagan. Lekin muskullar ustida ishlaganidan keyin jangchi muvaffaqiyatga erisha boshladi. Qo'llari uchun maksimal kuchga ega bo'lish uchun u aravachadan deyarli voz kechdi va kunning yarmidan ko'proq qismini qo'llarida yurib  o'tkaza boshladi.

Klark boshqa kurashchilar bilan bir xil qoidalar bo'yicha musobaqalarda qatnashdi. Faqat murabbiylar Amerika sport associaciyasiga xat yozib, nogiron sportchiga har doim neytral poziciyadan boshlashga ruxsat berishni so'rashdi. Zayonning vazni taxminan 40 kg edi, ammo Ogayo shtatida eng engil vazn toifasi (-48 kg)da jang qildi. SHu bilan birga, u o'rta maktabda sog'lom o'smirlar bilan jang qildi. 33 ta jangda g'alaba qozonib, 15 tasida mag'lub bo'ldi.

Muvaffaqiyat Klarkni ilhomlantirdi va u mashg'ulotlarni davom ettirdi. U fitnes-blogger faoliyatini ham boshlagan va har kim muvaffaqiyatga erishishi mumkinligini ko'rsatib, odamlarni haligacha ilhomlantirib kelmoqda.

"Endi kuniga ikki marta, haftada olti kun mashq qilaman. Bu allaqachon mening hayot tarzimga aylangan. Nogiron tug'ilganim meni xohlagan narsani qilishimga to'sqinlik qilmadi", - degan Klark.

Klark fitnes darslarini tark etmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda u jahon rekordlari tufayli mashhur bo'ldi. Zayon allaqachon Ginnesning rekordlar kitobiga uch marta kirishga ulgurgan. Amerikalik o'z qo'llari bilan eng baland sakrashda (83,8 sm) va qo'llari bilan 20 metrga yugurishda sayyoramizning eng zo'riga aylandi (4,78 soniya).

Zayon ijtimoiy tarmoqda katta yulduzga aylandi. Oyog'i yo'q sportchi videolar bilan millionlab tomoshalarga ega bo'ldi. Keyinchalik uning hayoti haqidagi hujjatli film huquqlari "Netflix" tomonidan sotib olindi.

Klark katta muvaffaqiyatga erishgan bo'lsa-da, lekin hali ushalmagan bir orzusi bor edi  — MMAda debyut qilish. UFC Xasbik bilan shartnoma imzolaganidan Zayon g'azablanib, unga qarshi chiqdi.

"Bo'lishi mumkin emas, Xasbulla UFC bilan shartnoma imzoladi? O'zimdan ikki baravar katta bo'lgan yigitlar bilan jang qilaman va g'alaba qozonaman. Agar bu rost bo'lsa, uni ko'rganimda futbol to'pidek uloqtiraman. Dana, men bilan shartnoma imzola!" - deb yozadi Klark ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida.

Xasbik bilan jang qilish maqsadida Klark 17 dekabr kuni Gladiator Challenge ligasida o'zini sinab ko'rdi u hamma narsaga qodir ekanligini yana bir bor isbotladi.

Klark MMAdagi debyut jangida raqibini mag'lub etdi.

Klarkning dastlabki raqibi katta nomga ega bo'lmagan jangchi Yudjin Myurrey bo'lib, 0-4 rekordga ega. U barcha janglarni nokaut bilan yutqazgan. Malum sabablarga ko'ra jang qoidalariga kichik o'zgartirishlar kiritildi: Marrey Zayonni oyoqlari va tizzalari bilan zarba berishi mumkin emas edi.

"Men takrorlanmas jangchiman, sababi oyog'im yo'qligida emas, balki ichimda olov yonayotgani uchun. Men uning boshini olib, shou ko'rsatish uchun kelgandim", - dedi edi Klark jang oldidan.

Myurrey jangga rozi bo'ldi, chunki u Zayonni mashhurligini bilar edi. Yudjin omborxonada ishlaydi va unga qarshi chiqishdan xursand bo'ldi. Garchi u nogiron odam bilan kurashish qiyin bo'lishini bilsa ham.

"U ajoyib inson. Ha, menga ilk g'alaba kerak. Haqiqatan ham uni mag'lub etishni xohlaymanmi? Uni urish menga biroz noqulay. Ammo uni mag'lub etishim hayotim uchun katta ahamiyatga ega bo'ladi", - dedi Myurrey.

Biroq, jangda Myurrey raqibni mag'lub etishni istamagani sezilib turardi. Dastlab jangchilar ehtiyotkorlik bilan harakat qilishdi, ular masofani ushlab, vaqti-vaqti bilan zarbalar almashishdi. Ammo yakunda Klark raqibini mag'lub etdi.


Albatta, Klarkning g'alaba qozonganiga qaramay, MMAda kelajagi yo'q. Axir, bu kurash emas, haqiqiy jang maydoni. Yoshligida Zayon ota-onasi tomonidan tashlab ketilgan, tengdoshlari tomonidan tahqirlangan, ammo u muvaffaqiyatga erishdi. Bu nafaqat sportchilar, balki barcha insonlar uchun o'rnak bo'lsa arziydi.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: