SportUz.Net
photo photo

APL. Mavsum-2021/2022 yakunlari

26.06.2022 16:31    


Rasmni yuklab olish

APL-2021|2022 so‘nggi turning so‘nggi daqiqalariga qadar barchani mislsiz intrigasi bilan hayajonda ushlab turdi.

Binobarin, turnir jadvalining barcha bo‘g‘inlarida kurash davom etdi - chempionlik, yevrokuboklar yo‘llanmalari va ligalararo almashuv masalalari oxirgi tur natijalariga bog‘liq bo‘lib qolgandi. Qisqasi, bu qadar qiziqarli tortishuv anchadan buyon kuzatilmayotgandi. Chempionlik unvoni uchun «Liverpul» va «Manchester Siti» o‘rtasida kechgan spektaklnamo kurashning o‘zi bir olam.


Mavsum to‘purarlari - Muhammad Saloh va Son Xyun Min. «Liverpul» vingeri 23ta gol urib, faoliyatidagi 2-yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Misrlik futbolchi 2017|2018 yillar mavsumida, «qizillar» safidagi debyutini 32ta gol bilan bezagandi. Albatta, «Liverpul»ning ichki 2ta kubok turnirida g‘alaba qozonishi, CHLda finalga chiqishi va APLda «Siti»ni so‘nggi turgacha ta’qib etganida Saloh urgan gollar ahamiyati katta. Janubiy Koreya milliy jamoasi yetakchisi Son Xyun Minga kelsak, u Salohdan farqli o‘laroq, 23ta golini ham o‘yin holatidan urdi (misrlik hujumchining 5ta goli - penalti mahsuli). Asosiysi, koreys yigiti «Tottenxem» bosh to‘purari maqomini kimsan Garri Keyn­dan tortib olish asnosida Osiyo futboli obro‘sini ko‘tardi. Son Xyun Minning a’lo darajadagi sport formasi «taqachilar»ga rosa qo‘l kelib, ular yakunda CHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. To‘g‘ri, bu muvaffaqiyatda jamoa kayfiyatini o‘zgartirgan bosh murabbiy Antonio Kontening ulushi ham katta.


Mavsum assistenti - Muhammad Saloh. Misrlik vinger 13ta samarali uzatmani amalga oshirib, klubdoshi Trent Aleksander-Arnold (12ta)ni ortda qoldirdi. Xarvi Barns («Lester»), Jarrod Bouen («Vest Xem»), Endryu Robert­son («Liverpul») va Meyson Maunt («Chelsi») esa 10tadan golga assistentlik qilishdi. Ayt­gancha, 13ta samarali uzatma Saloh uchun shaxsiy rekordining takrorlanishi - u «Roma»da ham bir mavsumda 13ta gol hammuallifi bo‘lgandi.


«Gol+pas» tizimi bo‘yicha eng yaxshi futbolchi - Muhammad Saloh. Tabiiyki, yana misrlik futbolchi. 36ta golda bevosita ishtirok etgan «Liverpul» vakili  bu borada ham Son Xyun Minni ortda qoldirdi (koreyalik vinger 30 ochko to‘pladi - 23ta gol va 7ta samarali uzatma). «Tottenxem» sardori Garri Keynning natijasi ham chakki emas: 26 ochko (17ta gol va 9ta uzatma). Ko‘rinib turibdiki, Salohning «qizillar» o‘yinida tutgan o‘rni beqiyos. Uning amaldagi shartnomasi keyingi yili nihoyasiga yetadi. Davomi nima bo‘ladi? Hozircha aniq emas.


Mavsumning eng yaxshi darvozabonlari - Alisson va Ederson. Braziliyalik har ikki kiper chempionat doi­rasidagi 20tadan o‘yinda gol qo‘yib yubormadi. Shunga muvofiq, «Liverpul» va «Manchester Siti» jadvalning eng yuqori qismidan joy oldi. Shunday ekan, eng yaxshi darvozabonga atalgan sov­rinni braziliyaliklar duetiga berish adolatdan. To‘g‘ri, Alisson 24ta gol qo‘yib yuborgan bo‘lsa, Ederson 26 marta ojiz qoldi. Shuningdek, Ugo Lyorisning natijasi ham e’tiborga loyiq. «Tottenxem» kiperi 16ta o‘yinni «quruq» yakunlab, jamoasining kuchli to‘rtlikka kirishida jonbozlik ko‘rsatdi.


Mavsum shiddati - «Nyukasl». Diqqat qiling, noyabr oyida 19-o‘rinda turgan jamoa yakunda 12-pog‘onani band etdi. O‘sha vaqt «qarg‘alar» 11ta o‘yinda atigi 5 ochko olishgandi. Ya’ni klub yangi sohiblar va yetarli sarmoyaga ega bo‘lganiga qaramay, vaziyat o‘ta murakkab edi. Bosh murabbiy lavozimiga Eddi Xauni taklif etilgani yakunda samara berdi. To‘g‘ri, avvaliga ish oson kechmadi, muhimi, Eddi vaqt o‘tishi bilan «hakkalar»ni to‘g‘ri parvozga yo‘naltira oldi. Ko‘rinishidan, «Nyukasl» uchun inqiroz davri ort­da qolgandek.


Mavsum omadsizi - «Arsenal». Aslida bu nominasiyada «MYU» «g‘olib» chiqishi kerak edi, lekin «qizil iblislar» butun mavsum davomida sust o‘ynashdi. «Arsenal» esa o‘ta muvaffaqiyatsiz startdan keyin asta-sekin o‘zini o‘ngladi, ishonchli tarzda turnir jadvali o‘rtalariga ko‘tarildi. Keyinchalik jamoa CHLning 4-yo‘llanmasini yutish payiga tushdi va maqsadga juda-juda yaqin keldi. Biroq hal qiluvchi bosqichda muhim ochkolarni boy berib, azaliy raqibi «Tottenxem»ni oldinga o‘tkazib yubordi. Mikel Artetaning navqiron, risoladagidek saviyaga ega jamoa shakllantirgani yaqqol sezildi. Lekin YEL - «kanonirlar» ko‘zlagan marra emas.


Mavsum qaytishi - Krishtianu Ronaldu. Ortda qolgan mavsumning asosiy voqea­liklaridan biri sifatida Ronalduning yana «MYU» libosida ko‘rinish berganini aytish mumkin. Portugaliyalik yulduz sobiq klubida to‘p surish uchun «Yuventus»dan voz kechdi. Uning «Old Trafford»da qayta paydo bo‘lgani qay darajada maqsadga to‘g‘ri kelgani xususidagi munozara hanuzgacha to‘xtagani yo‘q. Biroq statistika bu urinish samara berganini tasdiqlaydi - Ronaldu APL doirasidagi bahslarda 18ta gol urib, 3-yaxshi snayper bo‘ldi. 37 yoshli faxriy uchun ajoyib mahsuldorlik. Afsonaning kelajagi hamon notayin. YEL uning uchun qiziqarli musobaqa bo‘lishiga ishonch yo‘q. Lekin boshqa tomondan, Erik ten Xagning bosh murabbiylikka tayinlanishi klub kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Niderlandiyalik mutaxassis esa Ronaldu ko‘magidan umidvor. Ehtimol, o‘zaro hamkorlik ijobiy siljishni ta’minlar hali.

APL-2021|2022ning asosiy yakunlari

Chempion: «Manchester Siti»

CHL yo‘llanmalari sohiblari: «Manchester Siti», «Liverpul», «Chelsi», «Tottenxem»

YEL yo‘llanmalari sohiblari: «Arsenal», «MYU»

KL yo‘llanmasi sohibi: «Vest Xem»

Chempionshipga tushib ketganlar: «Bernli», «Uotford», «Norvich»

APLga ko‘tarilganlar: «Fulxem», «Bornmut», «Nottingem Forest»

 

S.Rahmonov tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: