SportUz.Net
photo photo

Mag‘lubiyatsiz 44 o‘yin - XXI asr Yevrorekordi!

02.05.2024 07:00    


Rasmni yuklab olish

Yaqindagina «Bavariya»ni Bundesliga taxtidan ag‘dargan holda, tarixda ilk marta Germaniya chempioniga aylangan «Bayer» shu bilan to‘xtab qolmoqchi emas.

Xabi Alonsoning quvnoq jamoasi 18 aprel kuni YEL chorak finali javob o‘yinida «Vest Xem» mehmoni bo‘ldi va yana so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qochdi. «Dorishunoslar» shu tariqa mag‘lubiyatsiz seriyani 44ta o‘yinga cho‘zib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha barcha  top-klublardan o‘zib ketishdi. Aniqroq aytsak, «Bayer» mag‘lubiyatsiz o‘yinlar hisobi borasida XXI asrdagi yevrorekordni yangiladi.

Asosiysi, Xabi Alonso boshqaruvidagi «Bayer» Yevropa Ligasi yarim finalida. Leverkuzen jamoasi joriy mavsum deyarli barcha to‘siqlarni yengib o‘tmoqda. Londonda «Vest Xem» bilan o‘yinda 1:1 - bu Bundesliganing yangi chempioni uchun barcha musobaqalar hisobidan mag‘lubiyatsiz yakunlangan ketma-ket 44-o‘yin! Endi hatto o‘sha fantastik «Yuventus»-2012 ham seriya borasida «Bayer»dan orqada. Futbol tarixi uchun yangi bitik. 44ta o‘yinda 38ta g‘alaba va 6ta durang. «Bayer» rekord sari yo‘lda mavsum-2023/2024 boshidan buyon biror marta mag‘lublikni tan olmadi. «Dorishunoslar» oxirgi marta o‘tgan yilning may oyida, Bundesliga-2022/2023 so‘nggi turida «Boxum»ga 0:3 hisobida yutqazishgan edi. Ular shu-shu mag‘lubiyat qanday bo‘lishini unutishdi, go‘yo.

Qiziq, yanada uzunroq seriyalar ham bormi? Ha. Faqat Yevropa futboli markazidagi eng uzun 2ta mag‘lubiyatsiz odimlash o‘tgan asrda kuzatilgan. Rekordchi - «Seltik» (Shotlandiya) naq 62ta o‘yin davomida mag‘lubiyat ko‘chasiga kirmagan bo‘lsa, Belgiyaning «Union» klubi 60ta uchrashuvda yengilmagan. Umuman, «Seltik» bu borada jahon rekordchisi sanaladi. Lekin uning seriyasi birinchi jahon urushi davrida qayd etilgan. O‘shanda Shotlandiya grandi 1,5 yil davomida mag‘lublikni tan olmagan: 1915 yil 20 noyabr - 1917 yil 14 aprel oralig‘ida. Boz ustiga, «Seltik» ushbu odimi davomida 1916 yili bir kunda 2ta o‘yin ham o‘tkazgan: «Reyt Rovers» (6:0) va «Mazervell» (3:1). «Union» esa 16 yildan keyin rekordni takrorlashga yaqin kelgan. Biroq Belgiya klubi atigi ikki qadam qolganida chekingan. 60ta o‘yindan iborat seriyaning bosh qahramonlaridan biri o‘tgan asrning 30-yillari «Union» bilan 3 marta chempionlikni nishonlagan himoyachi Jyul Papperdir. Muhim ma’lumot: har ikki klub bunday uzun seriyani yevrokuboklar yo‘lga qo‘yilishidan oldin rasmiylashtirgan. Shunday ekan, «Ba­yer»ning natijasi xalqaro o‘yinlarni ham o‘z ichiga olgani bilan salmoqli.

LEVERKUZEN BAXT OG‘USHIDA

Tabiiyki, «Bayer»ning Bundesligada uzoq kutilgan g‘alabasi Leverkuzenda o‘zgacha nishonlandi. Xususan, «Verder»ga qarshi chempionlik o‘yini (5:0)dan so‘ng muxlislar «Bay-Arena» maydoniga yopirilib tushib, futbolchilar bilan birga bayram qilishdi. Avtobusda amalga oshirilgan chempionlik paradi chog‘i esa Leverkuzen ko‘chalariga odam sig‘may ketdi…

D.ALIMOV tayyorladi



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: